Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati tomonidan Shahrisabz shahrida oʻrganishlar olib borildi
2025-11-12 11:20:00 / Yangiliklar

Oʻrganishlar jarayoni shahar markazidagi “Ipak yoʻli” banki filialidan boshlandi. Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov bu yerda xizmat olib borayotgan qoʻriqlash boʻlimi xodimlari bilan muloqot oʻtkazdi. U bank binosining himoya tizimi, signalizatsiya vositalari va videokuzatuv kameralarining ishlash holatini oʻrganib chiqdi. Xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish, qoʻriqlash vositalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda xodimlarning harakat algoritmini takomillashtirish boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berdi.
Shundan soʻng viloyat IIB boshligʻi Shahrisabz shahridagi “Zingiron” MFY hududida joylashgan “Huquq-tartibot maskani”da boʻlib, u yerda tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar faoliyati bilan tanishdi. Maskandagi yaratilgan sharoitlar, xodimlar uchun mavjud qulayliklar, videokuzatuv tizimi va aloqa vositalarining ishlash holatini oʻrgandi. Shuningdek, boshqarma boshligʻi Shahrisabz shahar “Kesh” MFY hududida, markazdagi savdo majmuasi yonida tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar bilan suhbatlashdi. Ular bilan muloqot chogʻida hududda xavfsizlikni taʼminlash, savdo majmuasi atrofiga oʻrnatilgan videokuzatuv kameralarining ishlash holatini doimiy nazoratda ushlab turish, shuningdek, qoʻriqlash choralari samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Oʻrganish yakunida polkovnik Abduvoxid Ismoilov har bir xizmat joyida xavfsizlikni taʼminlash, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, jinoyatchilikning oldini olish hamda fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida izchil faoliyat olib borish zarurligini taʼkidladi, hamda xizmatga jalb qilingan barcha xodimlarga oʻz vazifalarini sidqidildan bajarish, fuqarolar bilan muomala madaniyatiga qatʼiy rioya qilish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati








