Buxoro viloyati IIB rahbariyati tomonidan Kogon tumani ichki ishlar boʻlinmalarida olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari oʻrganildi
2025-11-12 11:10:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan Kogon tumani ichki ishlar boʻlimiga tashrif amalga oshirilib, bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish va taʼmirlash ishlari jarayoni oʻrganildi.
Tashrif davomida boshqarma rahbari tomonidan tuman Yoʻl harakati xavfsizligi hamda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasi uchun moʻljallangan yangi binolarda bajarilayotgan ishlar sifati, loyiha talablariga muvofiqligi hamda ishlarni belgilangan muddatlarda yakunlash holati koʻzdan kechirildi.
Masʼullarga qurilish ishlarini yanada jadallashtirish, xavfsizlik meʼyorlariga qatʼiy rioya etish, zamonaviy mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Oʻrganish jarayonlarining ikkinchi qismida, viloyat IIB boshligʻi “Maxsus qabulxona”da olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari holatini ham oʻrgandi. Obyektni toʻliq koʻzdan kechirish davomida bajarilayotgan ishlarning sifati, muddatlarga rioya etilishi hamda loyiha boʻyicha rejalashtirilgan chora-tadbirlarning ijrosi batafsil tahlil qilindi.
Maʼlumot uchun, “Maxsus qabulxona” 2020-yil 11-mart kuni tashkil etilgan boʻlib, 1,5 gektar maydonda joylashgan va 75 oʻringa moʻljallangan. Soʻnggi yillarda bu yerda saqlanayotgan shaxslar sonining ortib borayotgani sababli binoni kengaytirish zarurati yuzaga kelgan.
Boshqarma boshligʻi mavjud kamchiliklarga eʼtibor qaratib, ularni bartaraf etish, ish sifatini oshirish hamda loyihani zamonaviy infratuzilma talablari asosida yakunlash zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, u amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari ichki ishlar organlari tizimidagi islohotlarning uzviy qismi ekanini qayd etib, loyiha yakunida xodimlar uchun qulay xizmat sharoitlari yaratilishi, fuqarolarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati esa yanada oshishini alohida taʼkidladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati







