Surxondaryo viloyatida “Aralash jang sanʼatlari” (MMA) sport turi boʻyicha viloyat IIB boshligʻi kubogi musobaqasi tashkil etildi
2025-11-12 11:05:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 8–9-noyabr kunlari Surxondaryo viloyatida aralash jang sanʼatlari (MMA) boʻyicha 18–20 yoshli hamda 21 yoshdan katta havaskor sportchilar oʻrtasida Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi -Aralash jang sanʼatlari federatsiyasi viloyat boʻlim raisi kubogi musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Bellashuv viloyat IIB hamda Aralash jang sanʼatlari federatsiyasining hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi. Musobaqada 20 ta vazn toifasida viloyatning barcha shahar-tumanlaridan kelgan havaskor yigit-qizlar ishtirok etib, oʻz mahorat va irodalarini namoyon etishdi.
Janglar murosasiz va qizgʻin tarzda kechdi. Har bir sportchi gʻalaba uchun astoydil kurash olib bordi, barcha ishtirokchilar yuksak jismoniy tayyorgarlik va irodaviy bardosh bilan ajralib turdi.
Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindor sportchilar viloyat IIB rahbariyati tomonidan diplom, medal hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishdi.
Viloyat IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, podpolkovnik Akmal Muratov tadbir qatnashchilari va gʻoliblarni tabriklar ekan, shunday dedi:
“Bugungi musobaqa nafaqat sport sohasidagi yutuqlar, balki yoshlarimiz orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, jasorat va irodaviy bardoshni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir.
Ichki ishlar organlarining asosiy maqsadlaridan biri — jismoniy va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bugun maydonda namoyon boʻlgan jasorat va birdamlik ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.”
Tadbir yakunida ishtirokchilarga federatsiyaning hududiy boʻlim rahbariyati va tashkilotchilar tomonidan minnatdorlik bildirildi.
Ushbu musobaqa viloyatimizda sportni ommalashtirish, yoshlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish va ularning jismoniy tayyorgarligini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









