Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlari tomonidan Namangan viloyatida “Psixologiya sohasida zamonaviy yondashuvlar va tajribalar almashinuvi” mavzusida konferensiya tashkil etildi
2025-11-11 09:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlari hamda Namangan viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati psixologik taʼminlash guruhi mutaxassis-psixologlari tomonidan fuqarolar, xodimlar va harbiy xizmatchilarni axloqiy-ruhiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlik “Memorandumi” talablarining ijrosini taʼminlash, zamonaviy psixologiyada yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish hamda oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Psixologiya sohasida zamonaviy yondashuvlar va tajribalar almashinuvi” mavzusida konferensiya tashkil etildi.
Unda Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan bir qator hamkor tashkilotlar – Namangan davlat universiteti professor-oʻqituvchilari va psixologiya yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan talabalar, viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining amaliyotchi psixologlari, Namangan viloyati IIB va uning hududiy boʻlinmalarida xizmat qilayotgan inspektor-psixologlar hamda IIV Namangan akademik litseyi amaliyotchi psixologlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar guruhlarga boʻlingan holda maʼruza, sport estafetasi va trening mashgʻulotlarida qatnashdilar.
Bundan tashqari, “Poligraf” apparatining taqdimoti tashkil etilib, uning ishlash prinsipi, qoʻllash usullari, shakllari va texnik imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar olishdi.
Shuningdek, tadbirda faol ishtirok etganlar Namangan viloyati IIB rahbariyatining tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









