Yuksak mukofot sohiblari. Chinakam mardlik namunasi
2025-11-10 13:15:00 / Yangiliklar

Maʼlum boʻlishicha, kelishmovchilik tufayli ayol kichik farzandini olib ketmoqchi boʻlganida eri janjal koʻtarib, turmush oʻrtogʻiga oʻldirish bilan tahdid qiladi.
Jahlga berilgan er uni murosaga chaqirgan mahalla raisiga qoʻlidagi oshxona pichogʻi bilan oʻqtalib, farzandini olib uyiga kirgan vaqtda kapitan I.Husanov uning qoʻlidagi pichoqni tortib olmoqchi boʻldi. Lekin talotoʻpda janjalkash erkak profilaktika inspektoriga pichoq bilan jarohat yetkazadi. Shunga qaramay, kapitan uni zararsizlantiradi.
- Bunday holatlarda tezkor qaror qabul qilish muhim ahamiyatga ega, — deydi kapitan Ilyos Husanov oʻsha voqeani eslarkan. — Bir soniya kechiksam, natija boshqacha boʻlishi mumkin edi. Oʻsha kuni men shunchaki oʻz vazifamni bajardim.
- Ilyosning jasorati chinakam mardlik namuna boʻldi, — deya suhbatga qoʻshiladi profilaktika katta inspektori, mayor Oybek Abduqodirov. — Uning kasbiga boʻlgan sadoqati, mardligi va qatʼiyati har bir xodim uchun ibratdir.
Ichki ishlar organlarida 13 yildan buyon xizmat qilayotgan kapitan asli qamashilik. Ilk xizmat faoliyatini viloyat IIB huzuridagi JIEB jazoni ijro etish koloniyasida boshladi. Bu yerda mahkumlarni tarbiyalash, ularni halol mehnatga jalb etish borasida ustozi, serjant Uchqun Bobonorovdan kasb sirlarini oʻrgandi. Boshlagan ishini tugatmasdan qoʻymaslik, berilgan topshiriqlarni bekam-koʻst bajarishi bilan eʼtibor qozondi.
Oradan besh yil oʻtib, Gʻuzor tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori lavozimiga oʻtgan lavhamiz qahramoni profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Jahongir Umirovdan sohaning oʻziga maʼlum boʻlmagan qirralarini oʻzlashtirdi.
Ayni paytda Qamashi tumanidagi «Qoratepa» mahallasida xizmat qilayotgan kapitan Ilyos Husanov yettilikning boshqa aʼzolari bilan hamkorlikda muqaddam sudlanganlar, probatsiya nazoratidagi shaxslar, mayda bezorilikka qoʻl urgan, ichkilikbozlikka berilgan fuqarolar bilan muntazam profilaktik ishlarni amalga oshirishi natijasida ular tomonidan jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
El-yurt osoyishtaligi, fuqarolar xavfsizligi yoʻlida qilingan xizmat hech qachon eʼtibordan chetda qolmagan. Prezidentimizning joriy yil 24-oktyabrdagi farmoniga binoan, profilaktika inspektori, kapitan Ilyos Husanov «Mardlik» ordeni bilan taqdirlandi.
— Bu mukofotni nafaqat menga, balki viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatiga berilgan baho deb bilaman, — deydi kapitan Ilyos Husanov. — El osoyishtaligi, yurt tinchligi uchun bundan keyin ham bor kuch va bilimimni ishga solib xizmat qilaman, kerak boʻlsa, hayotimni bagʻishlayman.
Sodiq Rahimov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Qashqadaryo viloyati
