Soha fidoyilari. Xayrli ishlarga bosh-qosh
2025-11-08 23:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizning shimoliy darvozasi — Qoʻngʻirot tumani Oʻzbekistondagi yer maydoni jihatidan eng katta tuman hisoblanadi.
Aytish joizki, umumiy jinoyatchilik oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 25,4 foizga, jinoyat qidiruv yoʻnalishida 28,8 foizga, oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar 34 foizga kamaydi. Hududda qotillik, bosqinchilik, talonchilik va avtotransport vositalarini olib qochish jinoyatlari sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi. Firibgarlik, yengil tan jarohati yetkazish, bezorilik, qasddan badanga oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlari soni kamaydi. Jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda boʻlgan 18 nafar shaxs qoʻlga olindi.
Joylarda profilaktik tadbirlarning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani, shuningdek, “mahalla-tuman” tamoyili asosida qator davlat tashkilotlari hamda mahalla faollari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar samarasi oʻlaroq, tumandagi mavjud 39 ta ovul va mahallaning 27 tasi “yashil” toifaga kiritilgan.
Ayni paytda “qizil” toifa sifatida qayd etilgan “Qoʻngʻirot” ovul fuqarolar yigʻinida profilaktik tadbirlar va patrul-post xizmati kuchaytirilyapti.
Probatsiya guruhi hisobida boʻlgan shaxslarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun ularga har tomonlama koʻmaklashilyapti. Xususan, yil davomida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda 12 marotaba mehnat yarmarkasi tashkil etilib, 50 nafardan ortiq mazkur toifadagi shaxslarga ishga joylashishi uchun yoʻllanmalar berildi.
Albatta, tuman miqyosida amalga oshirilgan ijobiy ishlarga yana koʻplab misollar keltirish mumkin. Bunday ijobiy natijalarning qoʻlga kiritilishida “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi” koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichida 2-oʻrinni egallagan podpolkovnik Poʻlat Iskanderovning hissasi katta, albatta.
Hamon yodimda, 1998-yili men uchun hayotimda tub oʻzgarish sodir boʻlgandi. Oʻsha paytlari “Aral” futbol jamoasi tarkibida musobaqalarda ishtirok etardim.
Bir gal IIV Akademiyasi jamoasiga qarshi toʻp surdik. Oʻyinni kuzatib oʻtirganlar orasida Akademiyaning Kadrlar boshqarmasi boshligʻi, general mayor J.Kamolxoʻjayev ham bor ekan.
Oʻyin tugaganidan soʻng u meni yoniga chaqirib, juda yaxshi oʻyinchi ekanligimni taʼkidlab, Akademiyaga oʻqishga kirishimni maslahat berdi, — deya xotirlaydi u.
Kutilmagan bu taklifdan ruhlanib ketgan lavhamiz qahramoni IIV Akademiyasiga oʻqishga kirdi, uni tugatganidan soʻng dastlabki xizmat faoliyatini Toshkent shahar Mirobod tumani IIB HOOB tayanch punkti profilaktika inspektori lavozimida, keyinchalik Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar organlari tizimida davom ettirdi.
Qoraoʻzak tumani IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, Shumanay, Xoʻjayli tumanlari IIB boshligʻi lavozimlarida samarali xizmat olib bordi.
Aytish joizki, Poʻlat Iskenderovning bunday darajaga erishishida ustozlari — general-mayor Maqset Babaniyazov, polkovniklar Aytbay Temirxanov, Salamat Madreymov, Amanbay Orinbayev, podpolkovniklar Usar Tursunov, Jaloliddin Mirzayevning hissalari beqiyos boʻldi.
©️ “Postda” gazetasi, Azamat Pirniyazov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
