“Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida Toshkent viloyati IIBBda matbuot anjumani oʻtkazildi
2025-11-08 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, fuqarolarda kiberhujumlarga qarshi immunitetni mustahkamlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan noyabr oyi Respublika boʻyicha “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” deb eʼlon qilindi.
Mazkur oylik doirasida Toshkent viloyatida matbuot va OAV vakillari, jurnalistlar, blogerlar hamda korxona va tashkilotlar masʼullari ishtirokida matbuot anjumani (brifing) oʻtkazildi.
Tadbirda viloyat IIBB rahbariyati va mutaxassislar oylikning maqsad hamda vazifalari, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Bugungi kunda viloyatda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarning aksariyati zararli havolalar, soxta toʻlovlar, yolgʻon kripto birjalar, onlayn kreditlar va telefon orqali aldov usullari orqali amalga oshirilmoqda.
Shu sababli, aholining kibermadaniyatini oshirish, kibergigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish, shubhali holatlarda darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etish zarurligi taʼkidlandi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar berdilar.
Shuningdek, oylik davomida “Eng yaxshi kontent”, “Eng ommabop chellenj”, “Eng taʼsirli videorolik”, “Kibersavodxon mahalla”, “Eng yaxshi insho” va “Eng yaxshi innovatsion yondashuv” kabi tanlovlar, IT yoʻnalishida onlayn olimpiadalar, kibertahdidlardan himoyalanish boʻyicha oʻquv kurslari hamda mutaxassislarning fuqarolar bilan uchrashuvlari tashkil etilayotgani tanlov gʻoliblari oylik yakuni boʻyicha ragʻbatlantirilishi boʻyicha maʼlumot berildi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati









