IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismda ayol harbiy xizmatchilar bilan psixologik trening va profilaktik suhbat tashkil etildi
2025-11-08 09:00:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatida joylashgan IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli 7534-sonli harbiy qismda ayol harbiy xizmatchilar axloqiy-ruhiy holatini barqarorlashtirish, shaxsiy tarkib oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, ularning individual va jamoaviy muloqot madaniyatini yanada oshirish maqsadida psixologik trening va profilaktik suhbat tashkillashtirildi.
Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi va harbiy qism masʼullari hamda ayol harbiy xizmatchilar ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuv avvalida, mutaxassis psixologlar tomonidan ayol harbiy xizmatchilarga bevosita xizmat vaqtida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ruhiy bosim va stress kabi holatlarning kelib chiqishi va sabablari hamda ularni yengish usullari, psixologik mashgʻulotlar va interaktiv oʻyinlar orqali yetkazilib, oilaviy turmush tarzi va xizmat majburiyatlari oʻrtasidagi muvozanatni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.
Shundan soʻng, ayol harbiy xizmatchilar bilan harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlar, intizom buzilish holatlari va ularning salbiy oqibatlari haqida profilaktik suhbat oʻtkazildi.
Bir soʻz bilan aytganda, bunday tadbirlar ayol harbiy xizmatchilar xizmat faoliyatini samarali tashkil etilishi, ularda ruhiy barqarorlikni taʼminlash hamda huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qildi.
IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi Axborot guruhi




