Namangan viloyati IIB boshligʻi Pop tumanidagi 6-sonli jazoni ijro etish koloniyasi faoliyati bilan tanishdi
2025-11-08 09:00:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan viloyatdagi ichki ishlar organlari, sohaviy xizmatlar hamda ularning moddiy-texnik bazasi holati muntazam nazoratdan oʻtkazilib, aniqlangan masalalar boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilib kelinmoqda.
Shu doirada, boshqarma boshligʻi Pop tumani hududida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining 2-mintaqaviy hududiga qarashli 6-sonli jazoni ijro etish koloniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Oʻrganish jarayonida xodimlar uchun yaratilgan mehnat va dam olish sharoitlari, jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar hamda ularning yaqinlari uchun yaratilgan qulayliklar, mahkumlar oshxonasi, yotoqxonalar, xizmat koʻrsatish binolari va yordamchi xonalar holati koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham oʻrganilib, isitish tizimlarining holati, yoqilgʻi zaxiralari, sanitariya va gigiyena talablari boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Mazkur oʻrganish davomida mahkumlar bilan ham suhbat oʻtkazilib, ularning muammo va takliflarini tingladi, mavjud masalalar boʻyicha tegishli masʼullarga topshiriqlar berdi.
Shuningdek, koloniyada faoliyat yuritayotgan kasb-hunar oʻqitish markazining ish jarayoni oʻrganilib, mahkumlarni foydali kasblarga oʻqitish va mehnatga jalb etish samaradorligini oshirish topshiriq berildi.
Oʻrganishlarda koloniya rahbariyatiga xodimlarning xizmat intizomini mustahkamlash, qonuniylikka qatʼiy amal qilish, mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni doimiy ravishda yaxshilab borish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Bunday oʻrganishlar tizimning barcha sohalarida izchil olib borilmoqda va ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati





