Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan 7552-sonli harbiy qism xizmat faoliyati va ijtimoiy soha obyektlarida hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati oʻrganildi
2025-11-07 11:45:00 / Yangiliklar

Shu doirada, boshqarma rahbari navbatdagi oʻrganish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7552-sonli harbiy qism faoliyatini koʻzdan kechirdi. Tashrif davomida harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyati, ularga yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati atroflicha oʻrganildi. Xususan, “Maʼnaviyat markazi”, oshxona, avtosaroy, yotoqxona va boshqa obyektlar bilan tanishildi. Harbiy qism rahbariyatiga xizmat intizomini mustahkamlash, xodimlarning oʻz vazifalarini bajarishda qonuniylik va tartib-intizomga qatʼiy rioya etishini taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, kompleks oʻrganish ishlari doirasida hududlarda tungi xizmat faoliyatining samarali tashkil etilishi hamda ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati oʻrganilmoqda. Navbatdagi oʻrganish ishlari Chust tumanida oʻtkazilib, dastlab “Chust gulzori” mahallasi profilaktika inspektorining faoliyati koʻzdan kechirildi. Mahallada xavfsiz muhitni taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha tegishli vazifalar belgilab berildi.
Bundan tashqari, Qoʻriqlash boʻlimi xodimlarining jangovar shayligi va tashvish signali boʻyicha harakatlari sinovdan oʻtkazildi. Ularga tungi vaqtlarda hushyorlikni oshirish, qoʻriqlanayotgan obyektlarni doimiy nazorat qilib borish va xizmat intizomini mustahkamlash boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, 52-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, yoqilgʻi zaxiralarining saqlanishi va xonalarda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar oʻrganildi. Masʼullarga mavsumni betalofat oʻtkazish, issiqlik tizimining uzluksiz ishlashini taʼminlash hamda yongʻin xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Ushbu oʻrganishlar natijalari ichki ishlar tizimida xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish, xodimlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda aholi xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









