Xorazm viloyatidagi shahar-tuman Ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari qisqa muddatli oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etdi
2025-11-06 17:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 30–31-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining professor-oʻqituvchilari hamda Xorazm viloyati IIBning sohaviy xizmat rahbarlari tomonidan shahar va tuman ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari uchun qisqa muddatli oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi.
Oʻquv mashgʻulotlarining asosiy maqsadi — rahbar xodimlarning jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, mahalla jinoyatchiligining barvaqt oldini olish hamda energetik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi bilim va koʻnikmalarini yanada oshirishdan iborat boʻldi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–1-son qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Shuningdek, zamonaviy media-makon bilan samarali ishlash, ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv faoliyatini zamon talablari asosida tashkil etish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning ustuvor yoʻnalishlari, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish, energiya resurslarini talon-taroj qilish holatlarini aniqlash hamda jinoyatchilikni jilovlash borasidagi muhim vazifalar boʻyicha amaliy maʼlumotlar berildi.
Bundan tashqari, hududiy ichki ishlar rahbarlariga parlament nazorati va mahalliy kengashlarda hisobot berish jarayonlarining eʼtiborli jihatlari haqida ham batafsil maʼlumotlar yetkazildi.
Oʻquv mashgʻulotlarining yakunida shahar va tuman IIB boshliqlaridan test sinovlari qabul qilindi.
Tadbir soʻngida oʻquv jarayoni davomida olingan bilim va koʻnikmalarning bugungi kun rahbarlari uchun oʻta dolzarb ahamiyat kasb etishi, bu kabi oʻquv mashgʻulotlarining muntazam tashkil etilishi rahbar kadrlar malakasini oshirishda muhim omil ekanligi taʼkidlandi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati






