O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikramov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasiga tashrifining so‘nggi kunida qutqaruv xizmati tizimidagi navbatdagi obyektlar faoliyati bilan tanishdi
2026-10-24 19:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri A.Ikramov boshchiligidagi delegatsiya belaruslik hamkasblar bilan tajriba almashish doirasida Belarus Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Hayot faoliyati xavfsizligi ta’lim markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Markaz rahbariyati mehmonlarga ta’lim muassasasining asosiy vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, markaz aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yo‘nalishida fuqarolarni o‘qitish bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham shunday ta’lim muassasasi — Fuqaro muhofazasi instituti faoliyat yuritadi. Tomonlar ikki muassasa o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, aholini favqulodda vaziyatlarga tayyorlash borasida o‘zaro ilg‘or tajriba almashish muhimligini ta’kidladilar.
Delegatsiyaning oxirgi tanishgan obyekti Minsk shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qarashli yong‘in-qutqaruv qismi bo‘ldi.







