2025 yil 5 martda soat 10:00da Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tadigan intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan seminar uchu
Assalomu alaykum, hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Xabaringiz bor, so‘nggi yillarda mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishini jadallashtirish, jumladan tadbirkorlik subyektlarini hamda ilm-fan va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo bo‘lish va boshqa turli sohalarda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bu borada intellektual mulk yo‘nalishi ham eʼtibordan chetda qolmadi.
Jumladan, 2019 yildan bugungi kunga qadar intellektual mulkka oid 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirga qadar shulardan 50 ga yaqini qabul qilingan.
Masalan, intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan:
1) mualliflik huquqi va ixtiro, seleksiya yutug‘i, firma nomi, tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun huquq egasi foydasiga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lash tartibi yo‘lga qo‘yildi;
2) intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof tarzda veb-saytda yoki boshqa axborot resursida foydalanilganda ushbu axborot resursidan foydalanishni cheklash tartibi joriy qilindi;
3) bojxona organlariga o‘z tashabbusi bilan intellektual mulk huquqlarini himoya qilish vakolati (ex officio) berildi;
4) maʼmuriy javobgarlik kuchaytirilib, tovar belgilarini buzganlik uchun jarima miqdorlari BHMning 50 baravarigacha oshirildi hamda geografik ko‘rsatkichlarga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi;
5) qonunchilikka o‘zgalarning mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini buzilishi ijrochilarga berilgan litsenziyani bekor qilishga sabab bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi va boshqalar.
Qayd etilgan islohotlarni amalga oshirishda Qonunchilik palatasi deputatlarning o‘rni katta bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, 2024 yilning o‘zida intellektual mulk sohasiga oid 4 ta Qonun qabul qilindi.
Ushbu qonunlarning qabul qilinishi natijasida JSTning TRIPS bitimi qoidalarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish 90% yetkazildi.
Shuningdek, amalga oshirilgan islohotlar xalqaro miqyosda ham eʼtirof etildi va AQSH Savdo vakilligining 2024 yil uchun eʼlon qilingan 301-maxsus hisobotida (Special 301 Report) O‘zbekiston ilk bor 24 yil ichida “intellektual mulk huquqlari yetarli va samarali himoya qilinmaydigan davlatlar” ro‘yxatidan chiqarildi.
Fursatdan foydalanib, Qonunchilik palatasi deputatlariga intellektual mulk sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda ko‘rsatilgan yordam va ko‘maklari uchun o‘z minnatdorchiligimizni yana bir bor bildirmoqchimiz.
Sohadagi erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalar ham mavjud.
Xususan, milliy qonunchilikda belgilangan intellektual mulk huquqini himoya qilish mexanizmlari JSTning TRIPS bitimi talablariga mos kelmaydi.
Xususan, JSTning TRIPS bitimi 61-moddasida intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash, shuningdek, bitimning 46-moddasida tovar belgisidan noqonuniy ravishda foydalanilgan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yo‘q qilish nazarda tutilgan
Bu boradagi xorijiy tajriba o‘rganilganda Germaniya va Gruziyada intellektual mulk egalarining mulkiy huquqlarini buzganlik uchun 5 yilgacha, Qozog‘istonda 6 yilgacha, Xitoy va Fransiyada 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilganligi aniqlandi.
Shu kabi, kontrafakt mahsulotlarning qayta muomalaga kiritilishini oldini olish maqsadida AQSH, Xitoy, Germaniya, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlarda kontrafakt mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘q qilish mexanizmi joriy qilingan.
Shuningdek, oxirgi besh yilda tadbirkorlik faoliyatida intellektual mulkdan foydalanish ko‘lamining yildan yilga ortib borishi, mamlakatda xalqaro brend va dasturiy taʼminotlar ko‘payishi intellektual mulkning huquqiy himoyasini yana-da kuchaytirishni talab etmoqda.
Misol uchun, 2022 yilda – 13 mingta intellektual mulk obyektlari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 2023 yilda – 15 mingtani va 2024 yilda davrida − 21 mingtani tashkil qilgan.
Xorijiy korxonalar tomonidan O‘zbekistonda 2022 yilda 3 028 ta, 2023 yilda 3 368 ta, 2024 yilda 3 493 ta intellektual mulk obyektlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ularning 80 foizidan ortig‘i tovar belgisi (brendlar) hisoblanadi
Bundan tashqari, qonunchilikda tovar belgisi, ixtiro, dasturiy taʼminotga doir huquqlarni buzganlik uchun mavjud jazo choralarining yengilligi va jinoiy javobgarlik nazarda tutilmaganligi ushbu sohadagi huquqbuzarliklarni oldini olish choralarini samarali amalga oshirish imkonini bermayapti.
Misol uchun, amalda mualliflik huquqlarini buzganlik uchun belgilangan jarima miqdori jismoniy shaxslarga 375 ming so‘mdan 3,75 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga 1,8 mln so‘mdan 7,5 mln so‘mgachani tashkil etsa, seleksiya yutuqlariga nisbatan maʼmuriy javobgarlik umuman belgilanmagan.
Bugun muhokama qilinayotgan qonun loyihasining asosiy maqsadi yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etishga va milliy qonunchilikni ushbu yo‘nalishdagi xalqaro standartlarga to‘liq muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Loyiha mazmuniga to‘xtaladigan bo‘lsak, loyiha bilan quyidagilar nazarda tutilmoqda:
1) intellektual mulk egalarining mulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda;
2) muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilib, buzilishi javobgarlikka sabab bo‘ladigan intellektual mulk obyektlari doirasi kengaytirilmoqda;
3) tovar belgisi bo‘yicha ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlar huquqbuzar hisobidan muomaladan olib qo‘yilishi va yo‘q qilinishi nazarda tutilmoqda;
Amaldagi qonunchilikda avval kontrafakt mahsulotlarning qadoqlarini yoki o‘rovlarini, agar uning imkoni bo‘lmasa bunday mahsulotning o‘zini yo‘q qilishni talab etish mumkinligi belgilangan
4) mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun maʼmuriy jarima miqdori oshirilmoqda;
Jismoniy shaxslarga 1,8 mln so‘mdan 11,2 mln so‘mgacha (amalda 375 mingdan 3,75 mlngacha), mansabdor shaxslarga 5,6 mln so‘mdan 18,7 mln so‘mgacha (amalda 1,8 mlndan 7,5 mlngacha) etib belgilanmoqda
5) seleksiya yutug‘iga bo‘lgan huquqni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kiritilmoqda;
6) patentga oid (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutug‘i) huquqbuzarliklar sodir etishda foydalanilgan ashyolarni musodara qilish qo‘shimcha maʼmuriy jazo chorasi sifatida kiritilmoqda;
Amalda musodara qilish tariqasidagi qo‘shimcha jazo tovar belgilari va mualliflik huquqiga oid huquqbuzarliklar uchun belgilangan
7) adliya organlarining kontrafakt tovarlarni ko‘zdan kechirish va xatlash vakolatlari kiritilmoqda.
Adliya organlari tomonidan 2023 yilda 250 ta, 2024 yilda 307 ta kontrafakt mahsulotlar aniqlanib, tegishli taʼsir choralari qo‘llanilgan bo‘lsa-da, ularning keyinchalik qayta muomalaga chiqarilganligi aniqlangan
Muhokama qilinayotgan qonunning qabul qilinishi sohadagi huquqbuzarliklarning kamayishiga, belgilanishi kutilayotgan huquqiy taʼsir choralari kelajakdagi huquqbuzarliklar uchun samarali tiyib turuvchi faktor sifatida namoyon bo‘lishiga, shuningdek, milliy qonunchilikni JSTning TRIPS bitimi asosiy talablariga uyg‘unlashtirish ishlarini tez fursatlarda to‘liq yakunlash hamda davlatning investitsiyaviy jozibadorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
EʼTIBORINGIZ UCHUN TASHAKKUR!
Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikramov
