Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning TDYUU bitiruvchilari bilan uchrashuv uchun nutqi
Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning
TDYUU bitiruvchilari bilan uchrashuv uchun nutqi
Aziz yoshlar, qadrli bitiruvchilar!
Oʻzbekistondagi nufuzli oliygohlardan biri boʻlgan Toshkent davlat yuridik universiteti koʻp yillik tarixga ega. Bu dargohdan atoqli huquqshunoslar, yirik jamiyat va davlat arboblari, olimlar, akademiklar yetishib chiqqan. Biz bu bilan hamisha faxrlanamiz.
Xabaringiz bor, bugun jamiyatda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida boʻlgani singari, sud-huquq sohasini yanada isloh qilish, qonun ustivorligi va adolatni taʼminlash hamda inson huquqlari va uning manfaatlarini himoya qilish hamda uning shaʼni va qadr qimmati oliy qadriyat sifatida baholanib, xalqni rozi qilib yashash har bir davlat xizmatchisining bosh vazifasi boʻlishi barobarida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan ushbu islohotlar har birimizdan adolatli va halol boʻlish, oʻz ustimizda tinmay ishlash, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishni talab etmoqda.
Soʻngi yillardagi huquqiy islohotlar va yangilanishlardan yaxshi xabardorsiz albatta. Bu oʻzarishlar jarayonida Yuridik taʼlim va fan tizimini ham tubdan takomillashtirish, uning xalqaro taʼlim maydonidagi raqobatbardoshligini taʼminlash, yuridik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirildi va bu jarayon davom etmoqda.
Alohida taʼkidlashim oʻrinliki, mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotida korrupsiya illatini batamom barham toptirish borasida ham mana yaqin kunlarda prezident qarori qabul qilinib, bu sohadagi ishlarni yangicha tartib va sharoitlarda tashkil etish yuzasidan ulkan vazifa va funksiyalar belgilandi.
Umuman olganda, ushbu jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir etuvchi korrupsiyaviy holatlarga qarshi murosasiz kurashish, shuningdek byurokratiya, jinoyatchilik, fuqarolar huquq va erkinliklarini buzish singari illatlarni sadoqatli mehnatingiz bilan bartaraf etish sizning kelgusidagi faoliyatingizda bosh mezon boʻlib xizmat qilishini yana bir bora sizga eslatmoqchiman.
Bu yuksak maqsadlarga erishishda Sizdan nafaqat olgan bilim va professional malaka, balki insoniy poklik, halollik, xolislik, insof va diyonat hamda eng asosiysi har qanday sharoitda ham adolatli boʻlish talab etiladi. Shunday ekan, Sizlarning kelgusidagi faoliyatingiz bosh mezoni – insonni, uning huquq va manfaatlarini boʻlishi darkor.
Bu yil mana universitetni 605 nafar talaba (481 nafar bakalavr va 124 nafar magistr) tamomlab, diplom olmoqdalar. Shundan 112 nafari qizlar ekanligi alohida quvonarli, albatta. Bitiruvchilarning 230 nafari davlat va nodavlat tashkilotlariga ishga joylashib boʻlishdi. Shu jumladan, 35 nafar bitiruvchi Adliya vazirligi tizimiga ishga qabul qilindi. Yana 50 nafardan ortiq talabaning nomzodi vazirligimiz tomonidan oʻrganish jarayonida. 200 dan ziyod bitiruvchilar sud, prokuratura, ichki ishlar, davlat bojxona xizmati kabi organlar tomonidan ishga olish boʻyicha oʻrganishlardan oʻtmoqda. Oʻylaymanki, barcha bitiruvchilar munosib ishga joylashadilar.
Meni, oʻylantirayotgan savol shunda-ki, ertaga bitiruvchilarimiz samarali ishlay oladilarmi? Kadrlarimiz bugungi qoʻyilayotgan ilgʻor va jiddiy talablarga javob bera oladimi?
Bugun bitiruvchilardan amaliyotda quyidagi malaka va koʻnikmalar talab etilayotganligiga eʼtiboringizni qaratmoqchiman:
sohaga oid muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish mexanizmlari yuzasidan takliflar bera olish qobiliyati;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari boʻyicha qonun hujjatlarini toʻgʻri qoʻllay olish va murojaatchilar bilan ishlash tizimini samarali yoʻlga qoʻyish koʻnikmasi;
katta auditoriya oldida huquqiy targʻibot va tashviqotni amalga oshira olish, notiqlik malakasi;
qiyoslash va tanqidiy-tahliliy fikrlash koʻnikmasiga;
qonun hujjatlariga kiritilgan soʻnggi oʻzgartirishlardan muntazam xabardorlik;
xorijiy tillarni bilish va hokazo.
Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan adliya organlari va muassasalarida mavjud kasblar boʻyicha “Kasbiy standart maketi” ishlab chiqilib, lavozimlarga talab etiladigan malaka va koʻnikmalar Toshkent davlat yuridik universitetiga taqdim etildi.
Oʻylaymanki, Siz yoshlar, bitiruvchilar oʻz kasbiy koʻnikmangizni shakllantirishda bu bilimlardan atroflicha saboq oldingiz. Va kelgusida ularni amaliy faoliyatingizda ishonch bilan qoʻllay olasiz.
Kelgusida Sizlarning orangizdan davlat va siyosat arboblari, xalqaro darajada faoliyat yuritishga qodir yetuk huquqshunoslar, olimlar yetishib chiqadi. Aynan Sizlar boʻlgʻusi vazirlar, sudyalar, prokurorlar, advokatlar, notariuslar, yaxshi FHDYO xodimalari, boringki, professional huquqshunos mutaxassislar sifatida bugun hayot maydoniga chiqyapsiz.
Hamisha oʻz faoliyatingizda qonuniylik va adolatga qatʼiy amal qilib, inson va uning shaʼni hamda qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligini doimo his qilgan holda xalqimiz manfaatlarini himoya qilasiz. Yana bir bora taʼkidlasamda halollik, poklik va xolislik shioringizga aylansin.
Aziz yoshlar, qadrli bitiruvchilar, boʻlajak hamkasblar!
Huquqshunoslik sohasiga mutaxassis sifatida ilk qadam qoʻyayotgan bugungi kun har biringizga muborak boʻlsin! Adolat, haqiqat uchun xizmat qilish eʼtiqodingizga, qatʼiy shioringizga aylanishiga, jamiyatimizda muhim oʻringa ega boʻlgan huquqshunoslik sohasini rivojlantirishga astoydil harakat qilishingizga ishonaman. Chunki bu dargohda Sizni kamolga yetkazgan ustozlar oʻgiti va bilimlari doimo sizga hamroh boʻlib, Sizdagi shijoat va gʻayrat bu marralarni zabt etishga, albatta, qodir. Eng adolatli huquqshunos, degan sharafli nomga doimo munosib boʻlishingizga tilakdoshman!
