Shoirning she’ridan ruxsatsiz foydalangan yana bir xonanda Mirjalol Nematov jarimaga tortildi.
2025-10-06 15:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Maʼlumki, soʼnggi vaqtlarda mualliflik huquqi obyektlaridan biri hisoblangan musiqiy asarlardan muallif ruxsatisiz foydalanish holatlari yuzasidan Adliya vazirligiga qilingan murojaatlar soni sezilarli darajada ortib bormoqda.
Muallif huquqi buzilgan yana bir holatda O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati a’zosi hisoblangan muallif Farhod Muminovga tegishli bo‘lgan “Qo‘shni qiz” hamda “Men turganda” nomli she’rlar ijrochi Mirjalol Nematov tomonidan muallifning ruxsatisiz ijro etilganligi holati yuzasidan huquqiy chora ko'rilishini so'rab qilingan murojaat Adliya vazirligi tomonidan o‘rganilib chiqildi.
O‘rganish mobaynida muallif Farhod Muminovga tegishli bo‘lgan “Qo‘shni qiz” hamda “Men turganda” nomli she’rlar ijrochi Mirjalol Nematov muallif ruxsatsiz foydalanganligi aniqlanib, holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 prim 1-moddasi bilan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sudga yuborildi.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 177 prim 1-moddasining birinchi qismi bilan jarima jazosi tayinlandi.
Hurmatli ijod vakillari! Mualliflik huquqingiz buzilganda Adliya vazirligining "1008" ishonch telefoni orqali xabar berishingiz yoki info@adliya.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingizni so'raymiz!
