2025-yil 3-chorakda mahalliy davlat hokimiyati organlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar, ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot
2025-09-24 15:00:00 / Vazirlik e'lonlari
Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlaridan biri etib belgilangan. Shunga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan hokimliklarda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar, ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida jamoatchilik xabardor qilib borilmoqda.
Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan malakasini oshirish maqsadida maxsus o‘quv treninglar, seminar va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan joriy yil 25-iyulda Xorazm viloyati hokimligi hamda tuman (shahar) hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmasi, tashkiliy-kadrlar guruhlari xodimlari uchun “ZOOM” platformasi orqali seminar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, 2025-yil 14-avgustda Surxondaryo viloyat hokimligida maishiy korrupsiyani oldini olish va boshqa masalalarga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazilib, bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olingan.
Shuningdek, Navoiy viloyat hokimligida hududlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh rahbarlari – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. Burxanov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B. Valiyev tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari hududdagi masʼullar ishtirokida muhokama qilingan. Muhokamada ochiqlikni taʼminlash, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, davlat xizmatida tadbirkorlik faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ishlar yetarli darajada olib borilmayotganligi qayd etilib, masʼullarga bu kabi salbiy holatlarni tezkor bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan “Hokimliklarda manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” ishlab chiqildi.
Uslubiy qo‘llanma manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasi, hokimlik xodimlarining huquq va majburiyatlari, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish bo‘yicha cheklovlar, bu boradagi munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solish, tegishli axborotni oshkor etish, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va chora ko‘rish kabi masalalarni qamrab oladi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu qo‘llanma barchaga birdek tushunarli, sodda va ravon tilda ishlab chiqilgan.
