Adliya vazirligi tomonidan SHNQ 2.07.02-24 «Qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish» shaharsozlik normalari va qoidalari hisobga olindi.
2025-01-28 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Adliya vazirligi tomonidan SHNQ 2.07.02-24 «Qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish» shaharsozlik normalari va qoidalari (hisob raqami 331, 27.01.2025-y.) hisobga olindi.
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashga oid talablarni belgilaydi.
Xususan, qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirishda quyidagilar inobatga olinishi kerak:
➖nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda ularga xizmat koʻrsatuvchi markazlarni binolarning yertoʻla va yarim yertoʻla (sokol) qavatlariga joylashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi;
➖koʻchalardagi piyodalar yoʻlkalarida, yer osti va yer usti piyodalar oʻtish joylarining harakatlanish yoʻlaklarida, jamoat binolarida, koʻzi ojizlar uchun ixtisoslashtirilgan reabilitatsiya markazlarida hamda taʼlim tashkilotlarining ichki va tashqi harakatlanish yoʻlaklarida, shuningdek zinalar va panduslar oldida ogohlantiruvchi va yoʻnaltiruvchi kontrast rangli maxsus taktil yoʻl qoplamalari yotqizilishi;
➖nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalarning harakatlanish yoʻllarida toʻsiq boʻluvchi darchalar, aylanuvchi turniketlar va aylanma eshiklar kabi qurilmalar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
➖chorrahalar ovozli-aqlli svetoforlar, taktil qoplamalar, piyodalar oʻtish yoʻlagida boʻrttirilgan tasmalar (zebra), rezina panduslar, koʻcha modul toʻsiqlari, chorraha oʻrtasida xavfsizlik orolchasi hamda maxsus yoʻl belgilar boʻlishi;
➖piyodalar yoʻlkasi, trotuarlar va panduslarni qoplashda qoʻltiqtayoqli va oʻrindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi boʻlgan shaxslarning harakatlanishini qiyinlashtiradigan sochma va yirik tarkibli materiallardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi, beton plitali qoplamalar tekis boʻlishi, plitalar orasidagi choklarning qalinligi 1,0 sm dan oshmasligi kabilar.