Turkiya patent idorasi bilan hamkorlikda seminar tashkil etildi
2025-01-21 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 21-yanvar kuni Adliya vazirligi va Turkiya patent idorasi bilan hamkorlikda “Geografik koʻrsatkichlar tizimini rivojlantirishda Turkiya tajribasi” mavzusidagi uch kunlik seminarga start berdi.
Tadbirda adliya vaziri o'rinbosari M. Ikramov hamda Turkiya patentlar va tovar belgilari idorasi (TURKPATЕNT) prezidenti professor doktor Muhammed Zeki DURAK kirish so'zi bilan ishtirok etdi. Taʼkidlangandek, ushbu oʻquv mashgʻulotlar ikki tashkilot oʻrtasidagi Turkiya patent idorasi hamkorlikning birinchi bosqichi.
Tadbir Oʻzbekistonning geografik koʻrsatkichlar tizimini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizning mahsulotlarini dunyo bozorida yanada kengroq taqdim etish uchun muhim qadam hisoblanadi.
Chunki Turkiyaning geografik koʻrsatkichlar tizimini rivojlantirish borasidagi yutuqlari va dunyo miqyosidagi tajribasi biz uchun katta ilhom manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Maʼlumot uchun: Turkiyada roʻyxatdan oʻtkazilgan geografik koʻrsatkichlar soni 1686 taga yetgan boʻlib, ulardan 29 tasi Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida muhofazaga olingan.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini jadallashtirish, shu jumladan turizm jozibadorligini oshirish va milliy eksport mahsulotlarining xalqaro bozordagi qiymatini oshirish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda geografik koʻrsatkichlar yoʻnalishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Sababi, geografik koʻrsatkich tizimini rivojlantirish mamlakatda eksportbop mahsulotlar roʻyxatining kengayishiga, ishlab chiqaruvchilarning qoʻshimcha foydaga ega boʻlishini taʼminlashga, “gastronomik turizm”ni rivojlantirishga va umumiy qilib aytganda, hududlarning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
2022-yil 3-martda “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinib, geografik koʻrsatkichlarni himoya qilish uchun huquqiy asoslar yaratildi.
Shuningdek, 2022-yil 26-aprelda mamlakat tarixida ilk bor 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan intellektual mulk milliy strategiyasi qabul qilindi. Uning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida hududlarda mintaqaviy brendlarni yaratishni qoʻllab-quvvatlash va jahon miqyosida “Made in Uzbekistan” brendini tanitish maqsadida maxsus tadbirlar belgilandi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunga qadar mamlakatimizda Margʻilon atlasi, Margʻilon adrasi, Chust pichoqlari, Qoʻqon pichoqlari, Xorazm qovuni kabi 11 ta geografik koʻrsatkich roʻyxatdan oʻtkazilishi taʼminlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston gastronomik turizm va hunarmandchilik sohasida katta istiqbolga ega boʻlgan mamlakatlardan biridir. Shu bois, mamlakatda istiqbolli geografik koʻrsatkichlarni aniqlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, soʻnggi ikki yil mobaynida 69 ta bunday mahsulot aniqlandi va hozirda ularni roʻyxatdan oʻtkazish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, BIMT bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda geografik koʻrsatkich tizimini rivojlantirishga qaratilgan Yoʻl xaritasi ishlab chiqildi va uning amalga oshirilishi boshlandi.
Ishtirokchilar uch kun davomida bu borada Turkiyaning tajribasini amaliy misollarda koʻrib chiqadi va xorijiy hamkasblari bilan fikr almashadi.
Adliya vazirligi
Axborot xizmati






