Adliya vazirligi tomonidan “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi
2024-12-05 16:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent shahrining Sayilgoh ko‘chasida “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi.
Tadbir doirasida fuqarolarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yana-da mustahkamlash maqsadida tegishli davlat tashkilotlari tomonidan “Konstitutsiya burchaklari” tashkil etildi. Taniqli sanʼatkorlar ishtirokida gala-konsert, ko‘ngilochar madaniy va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Sovrinli viktorinalar o‘tkazildi, sayyor qabullar tashkil etildi.
Tadbir davomida bolalar va yoshlarga Konstitutsiyada belgilangan normalarning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi ko‘rgazmali materiallar burchagi, Konstitutsiyaning yaratilishi, takomillashtirish bosqichlarini ifoda etadigan “Konstitutsiya tarixi” burchagi va fotoko‘rgazmasi tashkil qilindi.
Shuningdek, talabalarning musiqiy chiqishlari, fleshmob, harbiylarning jang sanʼatini aks ettirgan chiqishlari va aholi o‘rtasida o‘tkazilgan huquqiy viktorinalar, huquqiy maʼruzalar, so‘z va kulgu ustalarining chiqishlari sabab tadbirlar yana-da jonli va maroqli o‘tkazildi.
Shu kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyidan boshlab “Konstitutsiya ko‘chasi”gacha Adliya marshi ham tashkil etildi.
“Konstitutsiya ko‘chasi”da adliya vaziri tadbir ishtirokchilarini Konstitutsiyamizning 32 yilligi bilan tabrikladi. Tabrik davomida Umummilliy Konstitutsiya imtihoni tanlovi g‘oliblari hamda Konstitutsiyada belgilangan qoidalarni tushuntiradigan eng yaxshi post va maqola tayyorlagan ijodkorlar taqdirlandi. Shu bilan birga, “Huquqiy targ‘ibot ishlari aʼlochilari” taqdirlandi.
Konstitutsiya bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalq saylida fuqarolar uchun sayyor qabullar, bepul huquqiy maslahatlar berildi. Huquqiy viktorinalar o‘tkazildi. Huquqiy adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Adliya vazirligi
Axborot xizmati






