Kontrafakt mahsulotlarni aniqlash boʻyicha trening tashkil etildi
2024-11-14 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Adliya vazirligi Intellektual mulk departamentida “React” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi va sertifikatlashtirish organlari uchun kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish boʻyicha trening oʻtkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi kontrafakt mahsulotlarni aniqlash, ularga qarshi kurashish va intellektual mulk obyektlarini himoya qilish usullari hamda tegishli vakolatli organlari mutaxassislarining bu boradagi bilim va koʻnikmalarini oshirish hisoblanadi.
Trening davomida “React” xalqaro tashkiloti mutaxassislari tomonidan, “PUMA”, “CLEVER”, “DOMESTIC”, “GILETTE”, “PANASONIC”, “HYUNDAI”, “KIA”, “MERCK”, “DOHME”, “DIAGEO”, “CNH” kabi bir qator tovar belgilari ostidagi asl mahsulotlarning kontrafakt mahsulotlardan farqlab turuvchi oʻziga xos jihatlari haqida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, vazirlik vakillari tomonidan bu kabi treninglar xodimlarning kasbiy mahoratlarini oshirishda muhim hisoblanishi taʼkidlanib, kelgusida muntazam ravishda treninglar oʻtkazib borish taklifi ilgari surildi.