O‘zbekiston adliya vaziri Ashxobodda fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha konferensiyada nutq so‘zladi
2024-11-08 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari
2024-yil 8-noyabr kuni Ashxobodda “Markaziy Osiyoda fuqarosizlikka barham berish” mavzusida vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov ishtirok etdi.
“Tug‘ilishni umumiy ro‘yxatga olish: eng yaxshi mintaqaviy amaliyotlar” sessiyasida so‘zga chiqqan vazir O‘zbekiston uchun ham, butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham fuqarosizlikka barham berish tashabbusining muhimligini ta’kidladi.
Vazir mamlakat rahbariyati har bir insonning, shu jumladan fuqaroligi yo‘qligi tufayli zaif ahvolda bo‘lganlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha faol ish olib borayotganini qayd etdi. Aholisi 37 million kishidan oshgan respublikada fuqarolarni hisobga olish va identifikatsiya qilish muhim va murakkab vazifa bo‘lib, buni amalga oshirish uchun zamonaviy raqamli texnologiyalar joriy etilmoqda.
Jumladan, “FHDYning yagona elektron arxivi” tizimi doirasida 60 milliondan ortiq fuqarolik holati dalolatnomalari raqamlashtirilgani, fuqarolik hujjatlarini hisobga olish tizimiga integratsiyalashgan holda chaqaloqlar uchun shaxsiy identifikatsiya raqami joriy etilgani, tibbiyot muassasalari orqali tug‘ilishni qayd etish tizimi ishga tushirilgani, chaqaloqlar va ularning ota-onalari uchun davlat xizmatlari majmuaviy tarzda ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi.
Akbar Toshqulov shu yilning yanvar–mart oylarida Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi natijalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Aksiya doirasida respublika bo‘ylab ro‘yxatga olinmagan tug‘ilish va vafot etish holatlari bo‘yicha hisobga olish ishlari olib borildi. Natijada 116 mingdan ortiq kishining hujjatlar bilan bog‘liq masalalari hal etildi. Xususan, tug‘ilganlik qaydnomasiga ega bo‘lmagan 1 639 nafar fuqaroga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma, yo‘qolgan hujjatlar o‘rniga 15 817 nafar fuqaroga tug‘ilganlik va vafot etganlik to‘g‘risida takroriy guvohnoma, 11 357 nafar fuqaroga ID-karta berildi.
Vazir fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, O‘zbekiston hududida 15 yildan ortiq yashaganlarga ish bilan ta’minlash va fuqarolik berish haqida ma’lumot berdi.
Akbar Toshqulov so‘zining yakunida fuqarosizlikni bartaraf etish uchun xalqaro hamkorlik zarurligini ta’kidlab, O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlashga va ularda ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi.
Axborot xizmati
Adliya vazirligi