Fuqarolik jamiyati institutlari erkin faoliyat yuritishi uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
2024-09-25 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari
O‘zbekistonda bugungi kunda fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda.
Ularning erkin faoliyat yuritishi, qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda? O‘zbekiston Adliya vaziri Akbar Toshqulov bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Konstitutsiyaga ko‘ra, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari fuqarolik jamiyatining asoslarini tashkil etadi.
Keyingi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini ta’minlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yaratildi. Jumladan, ushbu yo‘nalishda 20 dan ziyod qonun, Prezident hujjatlari va hukumat qarorlari qabul qilindi.
Aytib o‘tish kerakki, ayni paytda tadbirkorlik va fermerlik yo‘nalishida 664, sport yo‘nalishida 1 ming 519, nogironlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha 652, yoshlar yo‘nalishida 650, huquqiy- demokratik institutlarni rivojlantirish sohasida 839, madaniyat, tarix va ma’rifat yo‘nalishida 564 NNT faoliyat yuritmoqda.
– Davlatimiz rahbarining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Konstitutsiyaga muvofiq, davlat zimmasiga nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash borasida qator majburiyatlar yuklangan. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish va jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar alohida yo‘nalish sifatida belgilangan.
Mazkur farmon yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining uzviy ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.
– Fuqarolik jamiyati institutlari davlat tomonidan qanday qo‘llab-quvvatlanadi?
– Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashning demokratik institutsional tizimi yaratilgan. Parlament hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida jamoat fondlari tuzilgan.
Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan keyingi yetti yilda 718 milliard so‘m ajratildi (2008-2016 yillarga solishtirganda 12 barobar ko‘p).
Davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovlariga ta’lim, tibbiyot, qurilish hamda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, turizm va sport, millatlararo munosabatlar, korrupsiyaga qarshi kurashish, madaniyat, OAV va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mingdan ortiq loyiha kelib tushdi. Tanlovlar yakuniga ko‘ra, 2008-2024 yillar davomida 207 davlat ijtimoiy buyurtmasi 91,6 milliard so‘mga moliyalashtirildi.
Keyingi 7 yilda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari doirasida har bir hududda “Nodavlat notijorat tashkilotlar uylari” tashkil etildi. Ularga 350 ta NNT bepul joylashtirildi.
Keyingi 3 yilda hududiy fondlar orqali 83 milliard so‘mlik 1,6 ming loyiha amalga oshirildi.
Mazkur ijobiy tajriba e’tiborga olinib, Davlat rahbari tomonidan sohani rivojlantirishga mas’ul organlarning qator tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etildi.
Jumladan, har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi. Davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi berildi. Har yili Vazirlar Mahkamasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish bo‘yicha dastur qabul qiladi.
– Davlat – fuqarolar – NNTlar hamkorligi qanday kuchaytiriladi?
– Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun parlament hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida jamoat fondlari tuzilgan.
2008 yilda Oliy Majlis huzurida nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilgan. Mahalliy kengashlar huzurida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari (hududiy fondlar) tuzilgan.
Ushbu fondlarning alohida faoliyat yuritishi, fondning hududlarda vakilliklari mavjud emasligi fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona siyosatini amalga oshirishga, loyihalarning monitoringini olib borish va samaradorligini ta’minlashga to‘sqinlik qilgan. Misol uchun, 2022-2023 yillarda fond tomonidan grant shaklida moliyalashtirilgan 360 loyihaning 315 tasi yoki 87,5 foizi hududiy nodavlat tashkilotlar loyihalari hisoblanadi.
Ko‘rinib turganidek, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish ehtiyoji mavjud edi. Farmon aynan shu masalaga huquqiy yechim bo‘ldi.
Farmonda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning eng muhim yo‘nalishlari belgilab berildi. Endilikda davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlariga fuqarolik jamiyati instituti vakili raislik qiladi, faol a’zolari moddiy rag‘batlantiriladi, “Yuksalish” harakati ularning faoliyatini baholab boradi.
– Fuqarolik jamiyati institutlariga qanday imtiyozlar beriladi?
– Ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni ommalashtirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlariga imtiyozlar beriladi.
Xususan, davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalari doirasida daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 3 yil muddatga 50 foizga kamaytiriladi. Tejalgan mablag‘lar loyiha maqsadiga yo‘naltiriladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji 2 baravarga kamaytirildi. Homiylik tashkilotlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslariga xayriya pulining soliq solinmaydigan miqdori amalda 15 million so‘mdan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha oshirildi.
– Farmon bilan Adliya vazirligiga qanday vazifalar yuklatildi?
– Jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada kengaytirish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Unda jamoatchilik nazoratining ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan ta’sirchan shakllarini joriy qilish ko‘zda tutiladi.
Jamoatchilik nazoratining har bir shaklini amalga oshirish mexanizmi va tartib-taomillari, jamoatchilik nazoratining natijalariga ko‘ra yakuniy hujjatlarni rasmiylashtirish, jamoatchilik nazorati ob’ektiga kiritish va ularni ko‘rib chiqishning aniq tartibi va muddatlari, davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tartibga solish kabilar ham nazarda tutiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.
Platformada fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilik tomonidan tanlovlar yo‘nalishlarini shakllantirish hamda ularning muhokamasida bevosita ishtirok etish, tanlovlarda ishtirok etish uchun loyihalarni topshirish va davlat subsidiyasini olish uchun buyurtmalarni yuborish, ularni ko‘rib chiqish va baholash jarayonlarini kuzatib borish, tanlov ishtirokchilaridan talab etiladigan hujjatlarni elektron platformani davlat organlarining ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilish orqali onlayn olish kabilar o‘rin oladi.
Farmon asosida amalga oshirilayotgan ishlar fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqadi.
Eng muhimi, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Xususan, ijtimoiy sheriklik institutini amalda rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy va huquqiy sharoitlar yaratiladi. Davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish ta’sirchanligi oshadi.
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi.