“Adolat” MHAM va UNICEF: Bola huquqlariga oid axborotni yetkazishda yangicha yondashuv
2026-02-06 09:45:00 / Vazirlik yangiliklari

🔹Bugun, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazida UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rexina Mariya Kastijio ishtirokida muhim hamkorlik uchrashuvi tashkil etildi.
🔹Uchrashuv davomida tomonlar mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va bolalar uchun odil sudlov tizimini xalqaro standartlar darajasida rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilishdi.
Uchrashuvda asosan bolalarga oid huquqiy axborotni yetkazishning mutlaqo yangi va zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga alohida e'tibor qaratildi.
Rexina Kastijio xonim huquqiy hujjatlarning "bola tiliga" moslashtirilgan talqinlarini yaratish borasidagi sa'y-harakatlarni yuqori baholab, bu yo‘nalishda UNICEFning metodik va amaliy yordami davom etishini ta'kidladi.
Uchrashuv davomida tomonlar nafaqat raqamli loyihalar, balki jamiyatda bolalar manfaatlarini himoya qilishning keng ko‘lamli masalalariga ham to‘xtalib o‘tishdi.
Jumladan, ota-onalar va o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan huquqiy resurslarni boyitish, zo‘ravonlikdan himoyalanish bo‘yicha bolalarning xabardorligini oshirish va tumanlar kesimida bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar haqidagi ma'lumotlarni ochiqlash strategik vazifa sifatida belgilandi.
🔹Tadbir yakunida “Adolat” MHAM va UNICEF o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, kelgusida qo‘shma "Yo‘l xaritasi" asosida tizimli ishlarni davom ettirish va belgilangan barcha texnik hamda ijtimoiy tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
🔹Mazkur uchrashuv O‘zbekistonda bolalar huquqlarini ta'minlash borasidagi islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.






