Toshkent shahar IIBB boshligʻi kubogi gʻoliblari aniqlandi
2024-03-15 10:45:00 / Yangiliklar

14-mart kuni Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasida sportning voleybol turi boʻyicha Toshkent shahar IIBB boshligʻi kubogi musobaqasining final oʻyini boʻlib oʻtdi.
Musobaqa shiddatli va murosasiz bahslarga boy boʻldi. Har bir jamoa gʻoliblik uchun astoydil kurash olib bordi. Musobaqa yakunlariga koʻra, oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi bahslarda Yangihayot tumani “Fayzli” mahallasi jamoasi gʻolib boʻlib, Toshkent shahar IIBB boshligʻi kubogini qoʻlga kiritdilar. Ikkinchi oʻrin – Mirzo Ulugʻbek tumani “Farobiy” mahallasi jamoasiga, uchinchi oʻrin esa Yunusobod tumani “Nurmakon” mahallasi jamoasiga nasib etdi.
Qizlar oʻrtasidagi musobaqalarda esa Sergeli tumani “Yangi Sergeli” mahallasi jamoasiga teng keladigan raqib topilmadi. Ikkinchi oʻrin Bektemir tumani “Mirishkor” mahallasi jamoasiga nasib etdi. Uchinchi oʻrinni esa Yashnobod tumani “Ahmad Yassaviy” mahallasi jamoasi qoʻlga kiritdi.
Musobaqada gʻolib va sovrindor boʻlgan jamoalarning har bir vakili, xususan jamoa sardori boʻlgan mahalla profilaktika inspektori va yoshlar yetakchisi pul mukofotlari, medal va diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng faol himoyachi”, “Eng faol hujumchi”, “Eng faol sportchi”, “Eng yaxshi hakam” nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Gʻoliblarga kubok va sovrinlarni Toshkent shahar IIBB boshligʻi, shahar prokurori, soliq boshqarmasi boshligʻi, DXX, Milliy gvardiyaning Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻi, Sport boshqarmasi, voleybol federatsiyasi Toshkent shahar filiali boshliqlari tomonidan tantanali ravishda topshirdi.
Musobaqada xalqimiz sevgan sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlar bilan chiqishlari oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
Taʼkidlash joizki, musobaqada qatnashgan mahalla yoshlari bir jamoa boʻlib harakatlanish strategiyasini oʻrgandi, hududiy profilaktika inspektori va yoshlar yetakchisi bilan yanada yaqin boʻlib, bir oila boʻlib harakatlandi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati





