Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi oʻrganishlari
2024-02-13 18:00:00 / Yangiliklar
Vohada fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash, kriminogen vaziyatni jilovlash, jinoyatlarni oldini olish, roʻy berganlarini fosh etish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general mayor Bahodir Mirzaraximov kunning ikkichi yarmida Qashqadaryo viloyatining Qarshi tuman ichki ishlar boʻlimida boʻldi.
Vazir oʻrinbosari tuman ichki ishlar boʻlimi navbatchilik qismida kriminogen vaziyatni jilovlash maqsadida aholi gavjum boʻladigan maskanlarga oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalarining integratsiyasi, aloqa va transport vositalari shayligi, navbatchilar uchun yaratilgan dam olish, ovqatlanish va maxsus vositalar saqlanadigan xonalarni va boshqa yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirib, boʻlim boshligʻiga bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiya va takliflar berdi.
Tumandagi “Ravot” mahallasida boʻlgan Vazir oʻrinbosari, general- mayor Baxodir Mirzaraximov mahalla yettiligi bilan suhbatlashdi. Jinoyatlarni barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida mahallada oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalarini integratsiyasini yoʻlga qoʻyish, “yashil” toifaga mansub mahallada huquqbuzarliklarni erta aniqlash, notinch oilalardagi vaziyatni oʻrganib, muammolarini hal etish, “Ijtimoiy profilaktika” tadbiri doirasida muqaddam sudlanganlar bilan profilaktik ishlarni muntazam amalga oshirish, bu toifa shaxslarni va yoshlarni ish bilan taʼminlash borasida yettilikka tavsiya va yoʻriqnomalar berdi.
Qarshi tumanidagi 52-maktabda boʻlgan general mayor Baxodir Mirzaraximov maktabda oʻquvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, dars mashgʻulotlari oʻtilishi, “Davomat” tadbiri boʻyicha amalga oshirilayotgan jarayonlar bilan yaqindan tanishib, masʼul mutasaddilarga kelgusida taʼlim sifatini amalga oshirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berdi.
Vazir oʻrinbosarining viloyat boʻylab oʻrganishlari davom etmoqda.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati