audio

    0+
    Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Doniyor Qodirov ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi

    Joriy yilning 5-fevral kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Doniyor Qodirov ishtirokida ichki ishlar organlari faoliyatiga oid tezkor yigʻilish oʻtkazildi

    Tadbirda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmatlarning masʼullari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarining mutasaddi xodimlari ishtirok etdilar.

    Yigʻilishda, Davlatimiz rahbari raisligida 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan majlisida belgilangan vazifalar va qoʻyilgan topshiriqlarning ijrosiga qaratilgan masalalar koʻrib chiqildi.

    Tadbir jarayonida tashkiliy masala koʻrildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan Ashrapov Ramazon Axmatxoʻjayevich Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – Tergov departamenti boshligʻi lavozimiga tayinlanganligi eʼlon qilindi.

    Majlisda tergov va ekspert-kriminalistika sohasiga oid faoliyatni tanqidiy koʻrib chiqish, tergovchi va ekspertlarning malakasini oshirish, yangi tuzilgan Kriminologiya tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tizimni innovatsion va ilmiy yondashuvlar asosida yanada takomillashtirish, axborot almashinuvi va qarorlar qabul qilish boʻyicha zamonaviy huquqiy va ilmiy ishlanmalarni amalga keng joriy etish, sohada axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

    Shuningdek, tadbirda respublikamiz hududida oʻtgan yilning hisobot davrida jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari, jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan vazifalarning ijrosi, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda sohaga oid boshqa yoʻnalishlarda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama etildi.

    Tadbirda koʻtarilgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar boʻyicha soha masʼullarining taklif va mulohazalari tinglanib, koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

    IIV Axborot xizmati

    • view_icon 822
    : 2024-02-07 08:25:10