IIV Akademiyasiga Turkiya Respublikasi elchixonasining ichki ishlar masalalari boʻyicha maslahatchilari Semih Okyar va Murat Karausta tashrif buyurdi
2024-02-02 11:35:00 / Yangiliklar
Mehmonlarning akademiya faoliyati bilan tanishuvi axborot-resurs markazidan boshlandi. Maʼrifat maskanining oʻziga xos qiyofasi, innovatsion imkoniyatlari, manbalar fondi, ayniqsa buyuk sarkarda bobolarimiz sharafiga barpo etilgan majmualar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Semih Okyar jahon sivilizatsiya rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarimizning boy merosini oʻrganish va yosh avlodga yetkazish yoʻlidagi ezgu ishlarga yuqori baho berdi.
Shundan soʻng turkiyalik mutaxassislar zamonaviy infratuzilma obyektlarini koʻzdan kechirdilar. Mehmonlarga bakalavriat va magistratura bosqichida yoʻlga qoʻyilgan ilgʻor yondashuvlar, oʻquv dargohining ilmiy salohiyati, xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli tadbirlar hamda istiqboldagi loyihalar haqida maʼlumot berildi.
Tashrif davomida ikki tomonlama hamkorlikni faol rivojlantirishga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Akademiya boshligʻi Rustam Xatamov mehmonlarni qutlar ekan, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi aloqalar har jabhada yuksalib borayotganini alohida taʼkidladi.
– Turkiy tilda soʻzlashuvchi xalqlarimiz munosabatida yangi davr boshlanganiga guvoh boʻlib turibmiz. Bunga, avvalo, ikki mamlakat rahbarlarining doʻstona munosabati, qatʼiy irodasi va uzoqni koʻzlagan oqilona siyosati tufayli erishildi, – dedi u.
Semih Okyar soʻz olib, ildizlari mushtarak xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik rishtalarni yuksak darajada qadrlashini bildirdi.
– Oʻzbekistondagi yangilanishlarni doim mamnuniyat va gʻurur bilan qabul qilaman. Hamkorlikning bugungi bosqichi barchamizni xursand qilmoqda. Samimiy ruhda oʻtayotgan uchrashuvimiz kelgusidagi ustuvor masalalarni amalga oshirishga yoʻl ochishi, shubhasiz. Shuni alohida taʼkidlashni istardim, qardosh doʻstlarimiz uchun muloqot va hamkorlikka hamisha tayyormiz, – dedi Semih Okyar.
Oʻz navbatida, Murat Karausta ikki mamlakatning turdosh oliy taʼlim muassasalari hamkorligini faol rivojlantirishdan mamnun ekanini taʼkidladi.
Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda asosiy eʼtibor taʼlim sohasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, manfaatli yoʻnalishlarda tajriba almashinuvini kengaytirish, bu borada barcha imkoniyatlardan oqilona foydalanish, ikki mamlakat yoshlari uchun istiqbolli dasturlarni tatbiq etish, hamkorlik bitimlarida nazarda tutilgan tadbirlarni izchillik bilan amalga oshirish masalalariga qaratildi. Faol fikr almashinuvidan soʻng tomonlar munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga ishonch bildirdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati