Profilaktika xizmati. Katta masʼuliyat
2023-12-06 17:00:00 / Yangiliklar

Boʻlimning voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi tomonidan joriy oʻquv yilining shu davriga qadar hamkor tashkilotlar bilan maktablar va mahallalarda oʻquvchi-yoshlar ishtirokida 20 dan ortiq tadbirlar oʻtkazildi. Shuningdek, profilaktik hisobda turgan voyaga yetmaganlarning 50 nafari sport va fan toʻgaraklariga jalb qilindi.
Yoshlar ishtirokida sodir etilgan qonunbuzarliklarning mohiyati oʻrganilib, tahlil qilib borilyapti, — deydi Chinoz tumani IIB HPB voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi inspektor-psixologi, mayor Nurlan Tokmanbetov. — Oʻquv yili boshidan hozirgacha hududdagi 46 ta umumtaʼlim va 2 ta kasb-hunar maktabida 84-marta “Davomat”, “Tigʻ” tadbirlari oʻtkazildi.
Aniqlangan noqonuniy holatlar boʻyicha voyaga yetmaganlarning ota-onalari maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Bundan tashqari, hamkor tashkilotlar ishtirokida oʻtkazilgan tadbirlarda bolalar tungi vaqtlarda kompyuter oʻyinxonalari va koʻngilochar manzillarda nazoratsiz boʻlishiga imkoniyat yaratib bergan muassasalar mutasaddilariga nisbatan choralar koʻrildi.
Hududda ayollarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan oilaviy-maishiy zoʻravonlik qilinishining oldini olish, xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan amalga oshirilgan manzilli ishlar natijasida joriy yilning oʻtgan davrida 78 ta ajrim yoqasidagi oila saqlab qolindi. Tazyiqqa uchragan 500 nafar ayolga himoya orderi berildi.
Jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan, probatsiya boʻlimi roʻyxatida turgan va ilgari sudlangan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha mehnat yarmarkalari tashkil etilib, 12 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlandi.
Shu bilan birga, hudud profilaktika inspektorlarining mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi hamda yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda olib borgan amaliy ishlari natijasida tumandagi 14 ta mahallada jinoyatchilik soni tubdan kamayib, ayrimlarida umuman sodir etilmadi.
“Postda” gazetasi, Mixli Safarov, Toshkent viloyati.
