Kriminologiya tadqiqot institutida “Kriminologiya sohasida – yangi formatdagi konstruktiv muloqot, bilim almashish va samarali tavsiyalar” mavzusida uchrashuv tashkil etildi
2024-12-04 19:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 3-dekabr kuni Kriminologiya tadqiqot institutida Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisga yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori, polkovnik B.E.Berdialiyev raislik qildi.
Kengashda kriminologiya sohasiga yaqin boʻlgan oʻttizdan ortiq davlat organlari, muassasalar va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Majlisda bugungi kunda jamiyat uchun muhim boʻlgan jinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish, huquq tartibotini taʼminlash, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish sohasida mamlakatimiz oldida turgan murakkab vazifalar, dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ushbu sohasini rivojlantirish boʻyicha zarur boʻlgan yoʻnalishlar belgilab olindi hamda tajriba almashildi.
Xususan, Kengash ishtirokchilari tomonidan jamiyatda tobora namoyon boʻlayotgan jinoyatchilikning yangidan-yangi turlari, kiberjinoyatchilik, transmilliy jinoyatlar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi va yoshlar tomonidan isteʼmol qilinishining ortib borayotganligi, odam savdosining oʻziga xos koʻrinishlari, idoralararo hamkorlik, tajriba almashish, sodir boʻlayotgan hodisalarni ilmiy asosda oʻrganish, tahlil va prognoz qilish vazifalarni samarali hal etishni ishlab chiqish alohida taʼkidlab oʻtildi.
Endilikda jinoyatchilikni keltirib chiqaruvchi tendensiyalar va omillarni oldini olish hamda bartaraf etish boʻyicha ishlab chiqilgan barcha ilmiy-amaliy, fundamental tadqiqot loyihalar, dissertatsiyalar hamda ulardagi amaliyotga tatbiq etish uchun asoslantirilgan takliflar ushbu Kengashda muhokama qilinib, tizimli ravishda hukumatga kiritiladigan boʻldi.
Ushbu uchrashuvning tashkil etilishi respublikada kriminologik tadqiqotlar rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur uchrashuvning faoliyati jinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vaziyatni yaxshilashga yordam beruvchi aniq tavsiyalar ishlab chiqilishiga olib kelishi kutilmoqda.


