Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-oʻqituvchilari va magistratura tinglovchilari bilan uchrashdi
2024-10-11 13:05:00 / Yangiliklar

Axborot-resurs markazida oʻtgan tadbirda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, xalqimiz hayotida roʻy berayotgan oʻzgarishlar, diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar haqida soʻz bordi.
Diniy idora raisi yurtimizda inson qadri va farovonligini yuksaltirish yoʻlida qilinayotgan xayrli ishlarga toʻxtalib, keyingi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan yuqori baholanayotganini eʼtirof etdi.
– Mamlakatimizda diniy bagʻrikenglik va vijdon erkinligini taʼminlash uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Xalqimizga xos milliy va diniy qadriyatlar tiklanmoqda. Yangi masjidlar barpo etilib, ulugʻ allomalarimizning qadamjolari obod qilinmoqda. Bularning barchasi yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosatining samarasidir, – dedi Shayx Nuriddin Xoliqnazar.
Tadbirda turli ixtiloflar roʻy berayotgan bugungi tahlikali davrda islom dinining asl mohiyatini anglash, jamiyatimizni din niqobi ostidagi buzgʻunchi gʻoya va mafkuralardan asrash, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish dolzarb vazifa ekanligi aytib oʻtildi. Buning uchun buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini, muqaddas dinimizning insonparvar gʻoyalari yoritilgan asarlarini oʻrganish va yoshlarimiz orasida keng targʻib qilish zarurligi alohida taʼkidlandi.
– Terrorchilik tashkilotlari internet tarmogʻi orqali odamlar ongini zaharlashga va oʻz saflarini kengaytirishga urinmoqda. Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan aldov yoʻli bilan ekstremistik gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan koʻplab yurtdoshlarimiz xorijiy davlatlardan qaytarildi. Bunday holatlarning oldini olish uchun axborot-mafkuraviy tahdidlarga qarshi tarbiyaviy targʻibot ishlarini kuchaytirishimiz lozim, – dedi akademiya boshligʻi Rustam Xatamov.
Uchrashuvda dunyoviy va diniy davlat tushunchalarining mohiyati, ayrim mintaqalarda yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy mojarolar sabablari, diniy aqidaparastlik gʻoyalarining kuchayib borishiga sharoit yaratayotgan omillar, yoshlarimiz ongida sogʻlom maʼnaviy-axloqiy qarashlarni shakllantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari xususida atroflicha mulohaza yuritildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston musulmonlari idorasining faoliyati haqida maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati