Xitoyning Jamoat xavfsizligi universiteti delegatsiyasi Toshkent viloyati IIBB faoliyati bilan tanishdi
2024-10-07 11:00:00 / Yangiliklar
Bugun Jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning quyi tizimlari faoliyati xalqaro hamjamiyatning eʼtiborini tortmoqda.
Xususan, kuni kecha Xitoy Xalq Respublikasi, Jamoat xavfsizligi universitetining 30 kishilik delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi. Ushbu delegatsiya tarkibida universitet oʻqituvchi va talabalar boʻlib, ular ikki haftalik tashrif davomida Oʻzbekiston Ichki ishlar tizimi, uning tarixi va bugungi kundagi yutuqlari bilan yaqindan tanishdilar.
Mehmonlar tashrifi doirasida Oʻzbekistonning ichki ishlar tizimi tarixi va Amir Temur davridagi xavfsizlik masalalariga qiziqish bildirishdi. Bu davrda davlat xavfsizligi va fuqarolarning himoyasi muhim oʻrin tutgan. Shuningdek, delegatsiya zamonaviy texnologiyalar va xavfsizlik choralari bilan taʼminlangan IIB binolari hamda moddiy texnik baza bilan tanishish imkoniga ega boʻldi.
Tashrifning yettinchi kunida mehmonlar Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi va Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida boʻlishdi. Safar davomida ular zamonaviy jihozlar, xavfsizlik texnologiyalari va ichki ishlar xodimlarining malaka oshirish tizimlari bilan tanishdilar. Kelgusida talabalarning bilim almashinuvi va tizimdagi boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi bunday tashriflar hamkorlikni yanada mustahkamlash va xavfsizlik sohasida tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati