Ayol va jamiyat. Xotin-qizlar huquqlari himoyada
2024-06-26 20:00:00 / Yangiliklar

Uzoq davom etgan kelishmovchilik tufayli ajrashishga qaror qilgan Jamila (ismlar oʻzgartirildi) ota uyiga qaytib keldi. Oradan biroz vaqt oʻtdi. Ota-onasining «qizim, senga oʻxshab oilasi buzilgan bir yigitdan sovchilar kelyapti. Oliy maʼlumotli, uyli-joyli, tayinli ishi bor ekan. Rozi boʻlib shunga turmushga chiqsang, hayoting izga tushib ketadi hali» degan soʻzlari bilan u ikkinchi bor turmushga chiqdi.
Yangi oila qaynona, qayinopa va yosh kelin-kuyovdan iborat boʻlib, avvalboshda hammasi yaxshi edi. Ammo, oradan bir yil oʻtar-oʻtmas, barchasi sarobga aylandi. Er ichib kelib Jamilaning birinchi turmushini yuziga solib, janjal koʻtaradigan, uradigan odat chiqardi.
Bunga chiday olmay ota uyiga qaytgan Jamilani ota-onasi bir necha marta erinikiga olib borib qoʻydi. Afsuski, navbatdagi janjallardan birida kaltak tufayli ayolning qoʻli sinib, jiddiy jarohat oldi.
Bundan xabar topgan hudud profilaktika inspektori juvonga himoya orderi berib, soʻngra Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga joylashtirdi.
Bu yerda unga dastlab psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilib, jiddiy jarohat tufayli nogiron boʻlib qolishining oldi olindi. Zoʻravon erga nisbatan esa jinoiy ish qoʻzgʻatildi…
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining Qoraqalpogʻiston hududiy boʻlimi tomonidan ham ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish bora-sida muayyan ishlar amalga oshiril-moqda.
Boʻlimimiz 2021-yildan oʻz faoliyatini boshlagan. Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarning muammosidan kelib chiqqan holda, eng avvalo, ularning psixologik portreti shakllantiriladi va ular bilan ishlash boʻyicha reja ishlab chiqiladi.
Shu asosda psixologik, tibbiy yoki boshqa turdagi yordamlar beriladi, — deydi boʻlim direktori Sayyora Nosirova.
Bulardan tashqari, boʻlim tomoni-dan ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlarni kasb-hunarga yoʻnaltirishga koʻmaklashish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlari ham amalga oshirib kelinmoqda.
Oʻtgan vaqt mobaynida Respublikadagi tuman, shahar IIBlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlari tomonidan hududlarda gender tengligini taʼminlash, xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularning muammolarini hal etishda qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Ayrim raqamlarga toʻxtalib oʻtsak: joriy yilning 5 oyi davomida 1092 nafar xotin-qizlarga «himoya orderi» berilgan boʻlsa, 224 nafari Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga joylashtirilib, turli yoʻnalishda yordamlar koʻrsatildi.
Shu bilan bir qatorda, hududlarda olib borilgan oʻrganishlar davomida xotin-qizlardan 130 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda, 244 nafariga moddiy va ijtimoiy yordamlar berildi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX HPB boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Xurzada Reymkulova.
©️ «Postda» gazetasi, Azamat Pirniyazov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
