Biz korrupsiyaga qarshimiz! Halollik — asosiy mezon
2024-05-24 11:00:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlarining barcha boʻgʻinlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilinishini taʼminlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda korrupsiya va poraxoʻrlik, tamagirlik kabi jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, oqibatlari tushuntirilmoqda.
Jumladan, viloyat ichki ishlar organlarida «Korrupsiyaga qarshi kurashish dolzarb 10 kunligi» tadbiri oʻtkazildi. Tadbir doirasida IIV SHXBB viloyat boʻyicha boshqarmasi, viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati hamda Faxriylar kengashi bilan hamkorlikda xodimlar ishtirokida profilaktik uchrashuvlar tashkil etildi.
Koʻrilayotgan profilaktik chora-tadbirlar besamar ketmayapti. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 16 ta pora berish jinoyati fosh etilgani buning tasdigʻidir.
Jumladan, joriy yilning 29-aprel kuni Gʻuzor tumanida yashovchi fuqaro С.Ш.нинг murojaati yuzasidan tuman IIB 1-sonli IIB boshligʻi, mayor Akmal Temirov olib borgan surishtiruv ishlari davomida «Eriell» kompaniyasiga qarashli burgʻulash joyidan taxminan 100 metrlik temir quvurlar oʻgʻirlangani va buni shu kompaniyada haydovchi lavozimida ishlovchi К.Ж. sodir etgani aniqlangan.
Shu kuni fuqaro К.Ж.га nisbatan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilayotgan vaqtda u ishni ijobiy hal qilib berish evaziga xodimga 500 AQSH dollari miqdorida pora taklif etadi.
Mayor А.Темиров fuqaroga bu holat jinoiy javobgarlikka tortilishga olib kelishini tushuntirsada, u niyatidan qaytmaydi…
Hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro К.Ж. mayor А.Темировга 500 AQSH dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida bergan vaqtida ushlandi.
Jamiyatda sogʻlom muhitni yaratish, qonun ustuvorligini taʼminlashning muhim yoʻli huquqiy savodxonlikdir. Qolaversa, har bir ota-ona farzandlariga bolaligidan pokni nopokdan, halolni haromdan farqlashni oʻrgatsa, bu muammo yechimiga olib boradi.
Demak, korrupsiyaga qarshi kurashish birinchi navbatda oiladagi muhit va taʼlim-tarbiyadan boshlanadi.
©️ «Postda» gazetasi, Hamza Niyozov, kapitan. Qashqadaryo viloyati.
