Nima uchun «Mening Inspektorim» ilovasini poytaxtimizning har bir fuqarosi oʻrnatishi kerak?
2024-04-25 10:30:00 / Yangiliklar

Hozirda tuman profilaktika inspektorlari fuqarolarning xonadonlariga borib, ularga Toshkent shahar IIBBning «Mening Inspektorim» mobil ilovasining afzalliklarini tushuntirgan holda, smartfonlariga yuklab olishda koʻmaklashmoqdalar. Ushbu dastur nima uchun yaratilgan, uning xususiyatlari va undan foydalanishning afzalliklari nimada?
«Mening Inspektorim» ilovasi fuqarolarga bir qator qulayliklarni taqdim etadi, jumladan:
— Shahardagi jinoyatchilik holati, yangi turdagi jinoyatlar va ulardan himoyalanish yoʻllari haqida oʻz vaqtida maʼlumot olish imkoniyati;
— Muayyan hududdagi tuman profilaktika inspektori kimligini va u bilan qaysi telefon raqami orqali bogʻlanish mumkinligi (hozirda onlayn muloqot funksiyasi ham ishlab chiqilmoqda);
— Xarita orqali eng yaqin IIBning tayanch punktlari qayerda joylashganligini va ularga boradigan yoʻnalishlarni koʻrish;
— Shoshilinch xizmatlar (Yongʻin xavfsizligi xizmati, ichki ishlar organlari, shoshilinch tibbiy yordam, avariya gaz xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi bilan bogʻlanish;
— Yagona operativ boshqaruv markaziga integratsiya qilingan SOS tugmasi bosilganda, operator tezkorlik bilan murojaatchiga aloqaga chiqadi. Shu bilan birga, siz tugmani bosish orqali yoʻl-transport hodisasiga uchraganingiz yoki boshqa baxtsiz hodisa yuz bergani yoxud toʻsatdan sogʻligʻingiz yomonlashganligini koʻrsatishingiz mumkin;
— Ilovaning imkoniyatlarini kengaytirish hamda aniqlangan xato va kamchiliklarni tuzatish boʻyicha takliflarni onlayn yuborish imkoniyati;
— Shuningdek, ichki ishlar organlariga onlayn ariza yuborish imkoniyatlari ham ishlab chiqilmoqda.
Siz mazkur ilova orqali koʻp qavatli uylar oldidagi kirish yoʻlaklarini toʻsib qoʻygan avtomashinalar, tungi vaqtlarda uyingiz oldida yurgan shubhali shaxslar, qoʻshni xonadonlardagi maishiy shovqinlar, daraxtlarning noqonuniy kesilishi, xonadon kirish eshigi qulflanib qolganligi, kommunal sohada va boshqa turdagi muammolar yuzasidan murojaat yuborishingiz mumkin.
Ilovani qayerdan yuklab olish mumkin?
Hozirda sinov tariqasida ishlayotgan «Mening Inspektorim» ilovasini Google Play da (Android operatsion sistemasida ishlaydigan smartfon foydalanuvchilari uchun) quyidagi ilova orqali yuklab olish mumkin: https://play.google.com/store/apps/details?id=uz.smartbase.myinspector .
Shuningdek, iOS va iPadOS operatsion tizimlarda ishlovchi mobil qurilmalar foydalanuvchilari uchun ilovani yuklab olish imkoniyatlari ustida ishlar davom ettirilmoqda. Tez orada u App Store da ham paydo boʻladi.
Roʻyxatdan qanday oʻtiladi?
1. Telefoningizda ilovani ishga tushirgandan soʻng, sizdan mobil telefon raqamingiz, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat (biometrik pasport yoki ID-karta) seriyasi va raqamini, shuningdek, tugʻilgan kuningizni koʻrsatish talab qilinadi. Shundan soʻng, tizim sizga FaceID (telefoningizning videokamerasi) yordamida koʻrsatilgan identifikatsiya maʼlumotlarini tasdiqlashingizni soʻraydi. Bu sizning murojaatlaringizni qayd etish, ayrim hollarda maʼlumotlarga aniqlik kiritish hamda siz bilan bevosita bogʻlanish uchun zarurdir. Shaxsiy maʼlumotlaringizning maxfiyligi va xavfsizligi kafolatlanadi.
2. Shundan soʻng, ilova sizdan joylashuvingiz haqida maʼlumotlarni (geolokatsiya) bilish uchun ruxsat soʻraydi. Siz ushbu harakatga ruxsat berishingiz kerak. Shu orqali siz, shu hududdagi profilaktika inspektori haqida maʼlumotga ega boʻlasiz, shuningdek, biror favqulodda holat yuzaga kelgan taqdirda, mazkur joylashuvingiz haqidagi maʼlumotlarni tegishli xizmatlarga yuborishingiz mumkin boʻladi.
Hozirda mazkur ilova oʻzbek (lotin va kirill), rus va ingliz tillarida mavjud.
Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! Biz har kuni dastur ustida ishlab, uni takomillashtirish va imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini davom ettirmoqdamiz. Agar biror bir xato topsangiz yoki ilovani takomillashtirish boʻyicha takliflaringiz boʻlsa, iltimos, ular haqida Bosh sahifada joylashgan «Takliflar» boʻlimi orqali bizga xabar bering — har bir murojaat oʻrganiladi.
