Xavf omillari reyestri: tadbirkorlarni asossiz cheklovlardan himoya qilishning yangi mexanizmi
2025-03-27 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Tadbirkorlik iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri. Ammo ushbu faoliyatni amalga oshirish davomida qonunchilik talablarga rioya etilmasligi inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf solishi mumkin.
Canitariya-gigiyena, texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalari bunday xavflarni oldini olishga qaratilgan. Biroq ularning hammasining buzilishi ham jiddiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqaravermaydi. Masalan, xodimlar maxsus kiyimlarda emasligi, ish joyida mikroiqlim me’yordan yuqoriligi yoki ventilyasiya tarmog‘i yo‘qligi va boshqalar.
Shunga qaramay, ularga rioya etilmasligi tadbirkor faoliyatini to‘xtatishga asos bo‘lishi mumkin. Xususan, qonunchilikka ko‘ra, bunday holatlarda vakolatli organ tadbirkor faoliyatini mustaqil ravishda 10 kungacha, bundan ortiq muddatga esa sud tartibida cheklashi, to‘xtatib turishi mumkin.
Tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini bir necha soatga to‘xtatish ham jiddiy moliyaviy zararlarga sabab bo‘lishi mumkin. Jumladan, ishlab chiqarishdagi yo‘qotishlar, xomashyo va mahsulotlarning yaroqsiz holatga kelishi, xodimlarning bekor turib qolishi oqibatida to‘lanadigan mablag‘larni ushbu zararlar sirasiga kiritish mumkin.
Ammo bu borada qonunchilikdagi bo‘shliqlar sababli tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatishda qonunbuzilish, shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lmagan holatlarda ham faoliyat cheklanishi kuzatilmoqda. Xususan:
1) inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf tushunchasi mavhum bo‘lib, har bir holatda mansabdor shaxslar tomonidan mustaqil belgilab kelingan;
2) tadbirkorlik faoliyatini cheklash va to‘xtatish uchun asos bo‘luvchi holatlar doirasi belgilanmaganligi sababli nazorat organlari uni kengaytirib talqin qilgan.
Bunday holatlar mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatini suiiste’mol qilishiga imkon yaratib bergan.
Xususan, Biznes-ombudsman ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda nazorat organlari tomonidan tadbirkorlarni tekshirishda 929 ta qonun buzilishi va vakolat doirasidan chetga chiqish holatlari aniqlangan.
Nazorat organlari tomonidan inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf mavjud degan vaj asosida 2022 yilda 3 486 ta tadbirkor faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2023 yilga kelib 7 278 taga, 2024 yilda esa 13 235 taga yetgan. So‘nggi 3 yilda nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatish holatlari deyarli
4 baravarga oshgan.
Ushbu muammolarni hal qilish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida barcha uchun ochiq holatda bo‘ladigan Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri yuritilishi belgilandi.
Hujjat bilan 2025 yildan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini to‘xtatib turishga faqatgina Reyestrga kiritilgan omillar asosida yo‘l qo‘yiladi.
Adliya vazirligi tomonidan Reyestrni shakllantirish maqsadida nazorat qiluvchi organlarga o‘z nazorat funksiyalari doirasidan kelib chiqib, tadbirkorlar faoliyatini to‘htatishga asos bo‘ladigan inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar yuzasidan so‘rov yuborildi.
Natijada, 35 ta nazorat qiluvchi organlarning 27 tasi tomonidan tadbirkorlar faoliyatini to‘htatishga asos bo‘ladigan inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi 758 ta omillarning dastlabki ro‘yxati shakllantirildi.
Omillarning xavf darajasini xolisona va aniq mezonlar asosida aniqlash maqsadida reyestrga kirtilgan omillar Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Xavfni baholash va darajasini hisoblash uslubiyoti asosida Biznes ombudsman bilan birgalikda baholab chiqildi.
Baholash natijasida 758 ta omilning 359 tasida, yoki 47 foizida, xavf darajasi yuqori emasligi, 102 tasi yoki 14 foizi yuzasidan nazorat qiluvchi organda tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini to‘xtatish vakolati mavjud emasligi, 177 tasi yoki 23 foizi lisenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bilan bog‘liq ekanligi hamda 88 tasi yoki 12 foizi bir-birini takrorlashi aniqlandi.
Natijada tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatish uchun asos sifatida ko‘rsatilgan 726 ta yoki 95 foiz omil reyestrdan chiqarib tashlanib,
xavf darajasi yuqori bo‘lgan 32 ta omil (4 foiz) qoldirildi.
Shuningdek, tadbirkorlar faoliyatini cheklash va to‘xtatib turish vakolatiga ega bo‘lgan nazorat qiluvchi organlar soni 27 tadan 16 taga qisqartirildi.
Ushbu xavf omillari reyestri Adliya vazirligining rasmiy veb-sahifalarida, shuningdek new.birdarcha.uz hamda Biznes ombudsmanning “Yagona davlat nazorati” sahifasida joylashtirilgan va barcha uchun ochiq holatda yuritib boriladi.
Shu bilan birga, 2025 yil 6 fevralda Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestrini shakllantirish, unga yangi omillarni kiritish yoki o‘z ahamiyatini yo‘qotganlarini chiqarish hamda ushbu reyestrni barcha uchun ochiq holatda yuritish tartibini belgilovchi Hukumatning 66-son qarori qabul qilindi.
Mazkur tizim, birinchi navbatda, mamlakatda tadbirkorlarning huquqlarini kafolatlash, ular uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan bo‘lib, nazorat organlari faoliyatini tartibga solishda hamda tadbirkorlik faoliyatiga davlat aralashuvini kamaytirishda muhim vosita sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.
