O‘rmon xo‘jaliklarida sug‘orish quduqlari foydalanishga topshirilmoqda
2025-05-19 15:59:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025 – 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 454-son qarori bilan joriy yilda o‘rmon fondi yerlarida jami loyiha qiymati 12 mlrd 800 mln so‘m bo‘lgan 27 ta sug‘orish quduqlari barpo qilish belgilangan. Shu kunlarda Ekologiya vazirligi huzuridagi “Binolardan foydalanish va qurilish-ta’mirlash ishlari” davlat muassasasi buyurtmachiligida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Aytish joizki, foydalanishga topshirilayotgan sug‘orish quduqlari o‘rmonlar hududini kengaytirish, ko‘chatlar parvarishini sifatli tashkil qilinishida muhim hisoblanadi. Bugungi kunda 12 ta ob’yektning qurulish-ta’mirlash ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi, jumladan:
— Yakkabog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligida barpo etilgan quduq 15 gektar yer maydonini sug‘orish imkoniga ega. Yaqin kelajakda hududga katalpa, yasin va o‘rik ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan.
— Toshkent davlat o‘rmon xo‘jaligidagi sug‘orish qudug‘i yordamida 10 gektarlik ko‘chatxona, shu bilan birga qayrag‘och va yasindan iborat o‘rmonzorlar sug‘oriladi.
— Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligida foydalanishga topshirilgan yangi sug‘orish qudug‘i ko‘magida 45 gektar maydondagi yerlarni obod qilish imkoniyati yaratildi. Hududda 2 gektar yerga ko‘chatxona, qolgan qismida yasin, qayrag‘och ko‘chatlaridan o‘rmonzorlar hamda na’matak va jiyda kabi o‘simliklardan iborat dorivor hududlar barpo etiladi.
— Quyichirchiq davlat o‘rmon xo‘jaligida ishga tushirilgan sug‘orish qudug‘i yordamida hududdagi 20 gektar yerlarni sug‘orish rejalashtirilgan. Endilikda hududda ko‘chatxona quriladi, shuningdek, qayrag‘och, chinor, tut, lavanda, katalpa va terak ko‘chatlari ekiladi.
— Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligidagi 35 gektar yerlar yangi quduq yordamida sug‘oriladi. Shu bilan birga hududda madaniy o‘rmonzor barpo etish rejalashtirilgan.
— Xatirchi davlat o‘rmon xo‘jaligida qurilgan sug‘orish qudug‘i 10 gektar yerni suv bilan ta’minlaydi. Hududda niholxona va ko‘chatxona barpo etiladi.
— Forish davlat o‘rmon xo‘jaligidagi sug‘orish qudug‘i 6 gektar ko‘chatxonani sug‘orish uchun rejalashtirilgan.
— Qamashi davlat o‘rmon xo‘jaligidagi yangi quduq 5 gektar yerni sug‘orishga mo‘ljallangan bo‘lib, hududga tut va qayrag‘och ekish maqsad qilingan.
— Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligida yangi barpo etilgan sug‘orish qudug‘i 10 gektar yerni suv bilan ta’minlaydi. Hududda qayrag‘och, tut, terak, katalpa ekiladi.
— Muborak davlat o‘rmon xo‘jaligiga barpo qilingan sug‘orish qudug‘i ko‘magida mavjud ko ‘chatxonalar ishini yanada sifatli tashkil etish rejalashtirilgan.
— Qashqadaryo davlat o‘rmon xo‘jaligidagi yangi quduq yordamida 4 gektar yer sug‘oriladi. Ushbu hududga jiyda, archa, yasin va qayrag‘och ko‘chatlarini ekish belgilangan.
— Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligida ishga tushirilgan sug‘orish qudug‘i 5 gektar hududga barpo etilishi rejalashtirilgan ko‘chatxonani sug‘orishga mo‘ljallangan.
Hozirgi kunda yana 15 ta ob’yektda ishlar davom ettirilmoqda. Joriy yilning 2-choragi yakuniga qadar barcha sug‘orish quduqlarining qurilish-ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.
