Xorazmda yangi o‘zgarishlar sari dadil qadam
2025-05-07 17:45:00 / Yangiliklar
Muhtaram Prezidentimiz joriy yilning 1-2-may kunlari islohotlarning amaliy natijalari bilan tanishish, odamlar hayotidagi o‘zgarishlarni bevosita ko‘rib, navbatdagi rejalar, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida viloyatimizga tashrif buyurdi. Prezidentimizning joylardagi uchrashuvlari, nuroniylar va yoshlar bilan kechgan samimiy muloqotlar, yangi loyihalar taqdimotlarini yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan kuzatib bordilar. Ayniqsa, viloyat faollari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va Xorazmning kelgusi taraqqiyotini belgilab beruvchi dasturlar voha ahli tomonidan zo‘r mamnuniyat bilan kutib olindi.
Prezidentimiz viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda vohaning turizm salohiyatidan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Mamlakatimizda turizm eksporti salohiyati 10 milliard dollar bo‘lsa, shuning 2 milliard dollari aynan Xorazmga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi. Viloyatda jami 263 ta madaniy meros obyekti mavjud. Shu bilan birga, Xorazmdagi ko‘plab madaniy yodgorliklar hali o‘rganilmay turibdi. Hazoraspdagi “Sulaymon qal’a”, Bog‘otdagi “Qalajik qal’a” kabi tarixiy maskanlar, Yangiariqdagi “Xon bog‘i”, “Olma otishgan qal’a” tarixiy obyektlari haqida ma’lumot kam. Shu maqsadda tashkil etilgan O‘zbekiston tarixchilar jamiyatining Xorazm bo‘limi faoliyati davlat budjetidan ta’minlanishi ayni muddao bo‘ldi. Endilikda tajribali arxeologlar, tadqiqotchilarni jalb qilib, tarixiy obidalarni o‘rganish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuboriladi. Bunda Urganch davlat universitetining professor-o‘qituvchilari ham faol ishtirok etadilar.
Yig‘ilishda Xorazmda gid-ekskursavodlar asosan ingliz, rus va fransuz tillarida xizmat ko‘rsatishi, xitoy, arab, yapon, ispan tilini biladigan gid, ofitsiant, savdo va servis xodimlariga ham talab oshib borayotgani qayd etildi. Shuning uchun Xiva turizm texnikumida yiliga 100 nafar gid, yana shuncha servis xodimini kamida 5 ta talab yuqori tilga o‘qitish zarurligi ta’kidlandi. Universitetimiz olimlari bu vazifalarni bajarishda yaqindan ko‘makdosh bo‘ladilar.
Xorazmda turizmning jadal rivojlanishi uchun eng katta to‘siq, bu – transport ekani qayd etildi. Jumladan, Urganchga Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya va Fransiyadan aviaqatnovlar qo‘yilgani natija bergani, biroq, reys yo‘qligi uchun Germaniya, Xitoy, arab davlatlaridan minglab turistlarning kelish imkoniyati boy berilayotgani qayd etildi. Endilikda Frankfurt, Urumchi, Pekin, Abu-Dabidan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar tashkil qilish, turistik mavsumda Istanbuldan kunlik qatnovni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Xalqaro qatnovlar hajmini oshirish uchun texnik sharoitlarni ratish maqsadida Urganch aeroporti Koreyaning Inchxon aeroportiga xususiy sheriklikka berilmoqda. Ushbu aeroport milliy me’morchilik an’analariga mos holda rekonstruksiya qilinadi. Yangi o‘quv yilidan Xorazmdagi transport va servis texnikumlarida Koreya tajribasi asosida kadr tayyorlashni yo‘lga qo‘yiladi.
Hududning “ikkinchi tashrif” qog‘ozi bo‘lgan “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi, shuningdek, shahar va tumanlarda tashkil etilgan gastronomik, etno, ziyorat va ekoturizm obyektlari bu qadim vohaga sayyohlar oqimining yanada oshishiga imkon beradi. Umuman, davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi ushbu hudud aholisining kayfiyatini ko‘tardi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi. Shuningdek, har birimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun birgalikda, yakdil qadam tashlashga bo‘lgan mas’uliyat hissini yanada oshirishga xizmat qildi.
Dilshod Ibodullayev,
Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Urganch davlat universitetining yoshlar masalalari va
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori
