Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining 2025 yildagi faoliyati to‘g‘risida hisobot
Umumiy ma’lumotlar
|
To‘liq nomi: |
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi. |
|
Tashkiliy-huquqiy shakli: |
Muassasa. |
|
Yuridik manzili: |
O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi, 68-uy. |
|
Faoliyat turi: |
Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish. |
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–4954-son Farmoniga asosan Avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (“O‘zavtoyo‘l” DAK) negizida tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5647-son Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi etib qayta nomlangan holda Transport vazirligi tarkibiga kiritilgan.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va tabiiy ofatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha yagona buyurtmachi hisoblanadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Transport vazirligining qarorlariga hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi nizomiga amal qiladi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–330-son qarori bilan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlangan.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmatlari;
tuman yo‘llardan foydalanish korxonalari;
yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalari;
“O‘zyo‘lko‘prik” klasteri va uning hududiy filiallari;
Avtomobil yo‘llari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazi;
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi;
Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti;
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi;
“Avtoyo‘linvest” agentligi va boshqa korxonalar faoliyat yuritadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi faoliyatining 2025 yildagi asosiy yo‘nalishlari
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan 2025 yil davomida quyidagi asosiy yo‘nalishlarda ishlar olib borildi:
avtomobil yo‘llari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash;
avtomobil yo‘llarini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, ta’mirlash va ulardan foydalanish masalalari kompleks hal etilishini tashkil etish hamda buyurtmachi xizmatining samarali faoliyatini tashkil etish;
avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sifati ustidan nazoratni amalga oshirish;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining mavjud tarmog‘i saqlanishini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sohasida innovatsion texnologiyalar va zamonaviy standartlarni joriy etish;
avtomobil yo‘llari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
avtomobil yo‘llarini loyihalash sohasidagi normalar va standartlarga rioya etilishini ta’minlash;
yo‘l xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha 2025 yilda amalga oshirilgan asosiy tadbirlar
Respublikada jami 184 596 km avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shundan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari 42 371 kmni, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari 142 225 kmni tashkil etadi.
2025 yilda respublika avtomobil yo‘llari tarmog‘ini yanada rivojlantirish maqsadida quyidagi asosiy yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borildi:
yo‘l qurilish-ta’mirlash ishlarida loyiha hujjatlarining namunaviy andozalaridan to‘liq voz kechilib, loyihalar har bir hududning geologik va ekologik xususiyatini inobatga olgan holda ishlab chiqildi;
loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda diagnostika qilish, yo‘l qoplamasining fizik xossalarini baholash, yer osti kommunikatsiya tarmoqlari mavjudligini qoplamani buzmagan holda tekshirish maqsadida Jahon bankining grant mablag‘lari hisobiga xarid qilingan zamonaviy raqamlashtirilgan 3D mobil skaneri, Deflektometr FFD 8012, Georadar RIS-HiPave rusumli va boshqa maxsus texnikalardan keng foydalanildi;
sifatli qurilish materiallari (yangi turdagi chaqiqtosh mastikali, A tipdagi asfaltbeton) va yangi markadagi bitum (BND 50/70 va polimerbitum) mahsulotlaridan keng foydalanildi;
2025 yilda tasdiqlangan dasturlar doirasida jami 15 trln 758 mlrd so‘m miqdorida yo‘l ishlari bajarildi va 21 553 km avtomobil yo‘llari qurildi, rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi, jumladan:
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 3 trln 580 mlrd so‘m miqdorida yo‘l ishlari bajarildi va 463,1 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini texnik soz holatda saqlash bo‘yicha 4 trln 330 mlrd so‘m miqdorida yo‘l ishlari bajarilib, 7 183 km avtomobil yo‘llari ta’mirlandi va holati yaxshilandi;
“Tashabbusli budjet” dasturi doirasida 2 trln 782 mlrd so‘m mablag‘ hisobiga 5 919 km ichki yo‘llar ta’mirlandi, bundan tashqari hududlarda 2 748,5 km tuproq yo‘llar shag‘allashtirildi;
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi hamda hududlarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan dasturlar doirasida 1 trln 372 mlrd so‘m hisobiga 5 026,2 km ichki yo‘llar ta’mirdan chiqarildi;
jami 320 dona ko‘priklarda ta’mirlash va tiklash ishlari olib borildi;
xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar bo‘yicha 300,3 mln dollar mablag‘ o‘zlashtirildi va 213,1 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi;
sohaga oid 42 ta standart va me’yoriy hujjatlar ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ishlab chiqildi;
sohaga oid me’yoriy hujjatlar bazasi takomillashtirilib, mutaxassislarga elektron shaklda foydalanish uchun qulaylik yaratish maqsadida “Avtoyo‘l norma” elektron platformasi (avtoyulnorma.uz) yo‘lga qo‘yildi;
yangidan boshlangan ob’ektlarni loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, yo‘l qurilishi ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olish ishlari sifat va hajm ko‘rsatkichlarini nazarda tutuvchi “hajm usuli”da olib borildi (sifat nazorati uchinchi tomon bo‘lgan mustaqil konsalting kompaniyalar tomonidan olib borildi);
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga xususiy sektor jalb qilinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jami 860 kilometr avtomobil yo‘llarni ekspluatatsiya qilish ishlari autsorsing asosida xususiy tadbirkorlarga berildi;
tizim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 194 ta yangi yo‘l texnikalari xarid qilindi;
avtomobil yo‘llarida yuk avtomobillarining vazni va hajmini nazorat qiluvchi jami 86 ta o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar auksion savdolariga chiqarilib, shundan 41 tasi bo‘yicha g‘olib tadbirkorlar aniqlandi;
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida hududlarda 3 017 km yo‘l bo‘ylariga 8 mln 840 ming donadan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekildi hamda yo‘l bo‘ylaridagi daraxt va terak ko‘chatlarini aholi hamda yo‘l ishchilariga o‘zaro manfaat asosida ijaraga berish bo‘yicha yangi tizim asosida ishlar olib borildi;
yetakchi xorijiy davlatlarda 70 nafardan ortiq mutaxassis, xususan Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Ispaniya, Avstriya, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Turkiya, Ozarbayjon va boshqa davlatlarda malaka va tajribalarini oshirib keldilar;
aholi va yo‘llardan foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish maqsadida bir qator ob’ektlar foydalanishga topshirildi, jumladan:
Xiva shahrida 550 metr uzunlikdagi yer osti avtomobil yo‘li qurilib, foydalanishga topshirildi;
Bekobod tumanidagi Do‘stlik va Yangiovul mahallalari hududlarini bog‘lovchi Sirdaryo daryosi ustidan o‘tgan 200 pm uzunlikdagi ko‘prik va unga olib boruvchi 6 km avtomobil yo‘li qurilib, foydalanishga topshirildi;
Sharof Rashidov tumanidagi Islom Karimov ko‘chasini M 39 magistral yo‘liga bog‘lovchi yangi yo‘nalishdagi 4 km avtomobil yo‘li va 700 pm uzunlikdagi yo‘l o‘tkazgich qisqa muddatlarda qurilib, aholi uchun foydalanishga topshirildi;
Mahtumquli ko‘chasidan (uch sathli ko‘prikdan) “Yangi O‘zbekiston” bog‘i chorrahasigacha bo‘lgan qismida 6,7 km avtomobil yo‘li hamda Olimpiya shaharchasiga tutash hududlarda 21 km sport yo‘lakchalari qurildi;
Bo‘stonliq tumanida “Toshkent-Bo‘stonliq” avtomobil yo‘lida yer osti piyodalar (35 metr) o‘tish tunneli qisqa muddatlarda (48 soat) qurilib, foydalanishga topshirildi.

