Axborotdan foydalanuvchilarning ochiq yig‘ilishlarda bevosita qatnashishini ta’minlash to‘g‘risidagi yo‘riqnoma
I. Umumiy qoidalar
1. Qo‘mita fuqarolar (jismoniy shaxslar), shu jumladan, tashkilotlar (yuridik shaxslar), jamoat birlashmalari, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari vakillarining o‘z kollegial yig‘ilishlarida ishtirok etishlari imkoniyatini ta’minlaydi.
2. Qo‘mita kollegial yig‘ilishlari jamoatchilik uchun ochiq hisoblanadi, yopiq yig‘ilishlar bundan mustasno.
II. Yig‘ilishlar o‘tkazish to‘g‘risida axborotdan foydalanuvchilarni xabardor qilish
3. Qo‘mita o‘z veb-saytida ochiq yig‘ilishlari kun tartibini, shuningdek, uni o‘tkazish sanasi, vaqti va joyini ko‘rsatgan holda yig‘ilish o‘tkazish rejasini e’lon qiladi.
4. Qo‘mita o‘zi joylashgan joylarda axborot stendini jihozlaydi, ushbu stendda yig‘ilish kunidan kamida bir hafta oldin yig‘ilishning kun tartibi, vaqti, shuningdek, yig‘ilish o‘tkazishning ochiq va yopiq rejimi to‘g‘risida axborot joylashtiriladi.
III. Yig‘ilishlarda qatnashishni tashkil qilish
5. Fuqarolar va (yoki) yuridik shaxslar vakillarining yig‘ilishlarda ishtirokini ta’minlash maqsadida qo‘mitada tegishli yig‘ilishda ishtirok etishni xohlovchilarni ro‘yxatga olish jurnaliga yoziladi. Tashrif buyuruvchi to‘g‘risidagi axborotni qayd qilish va uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning mavjudligi yig‘ilishda qatnashish uchun asos bo‘lib hisoblanadi. Yozuv yig‘ilishda ishtirok etishni xohlovchi fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, yuridik shaxsning vakili – yuridik shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, nomi, shuningdek egallab turgan lavozimini o‘z ichiga oladi. Boshqa ma’lumotlar yoki hujjatlarni taqdim etish shart emas.
6. Tashkiliy-texnik imkoniyatlardan kelib chiqib yig‘ilish o‘tkazish zalida tashrif buyuruvchilar uchun joylar jihozlanadi. Tashrif buyuruvchilar uchun joylar soni yozilganlar sonidan kelib chiqib hisoblanadi. Joylarni taqdim etish ketma-ketligining ustuvorligi ro‘yxatga olish jurnalidagi yozuvning ketma-ketligidan kelib chiqadi.
IV. Tashrif buyuruvchilarning yig‘ilishlarda qatnashish tartibi
7. Qo‘mita kollegial yig‘ilishlarida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining qatnashishi ularning o‘tkazilishiga xalaqit bermasligi kerak.
8. Yig‘ilishda qatnashishning belgilangan tartibi buzilganda raislik qiluvchi tartib buzuvchiga tanbeh beradi, tartib qayta buzilganda esa uni yig‘ilish zalidan chiqarib yuboradi.
9. Yig‘ilishda ishtirok etuvchi tashrif buyuruvchilar yozish, shuningdek, fotosuratga olish, audio va videoyozuvni o‘tkazish huquqiga egadirlar, agar bu yig‘ilish o‘tkazilishiga xalaqit bermasa.
