Rahbar va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi
2025-06-27 18:46:00 / Yangiliklar
Shubhasiz, bugungi bilimli, ma’nan yetuk yoshlar kelajagimiz bunyodkorlaridir. Davlat rahbarining yosh avlodga alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli bugun har bir sohada yoshlar o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Bu fikrlar so‘nggi yillarda ular uchun yaratilayotgan qator imkoniyatlar misolida hayotda o‘z aksini topmoqda.
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi direktori Erkin Muhiddinov sohada faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislar va talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish maqsadida tashkil etilgan tadbir samimiy muloqotlar ruhida kechdi.
“Bugungi tadbirda sizlarni ko‘rib turganimdan xursandman. Shu fursatdan foydalanib, barchangizni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan samimiy tabriklayman. Ma’lumki, hurmatli Yurtboshimiz tomonidan sizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida keyingi yillarda bir qator qaror va farmonlar imzolanib, ularning ijrosi bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, hozirda o‘rmon xo‘jaligi sohasida ham tashabbuskor yoshlar bilan ishlab, ularning kasbiy mahoratlarini oshirish, ish bilan ta’minlash hamda muammolariga yechim topishni maqsad qilganmiz. Shu sababdan sizlarning har bir taklif va fikrlaringizni eshitishga tayyormiz. Eshigimiz doimo sizlar uchun ochiq. O‘qish va izlanishdan hech qachon ortga chekinmang,” – dedi E.Muhiddinov o‘z nutqida.
Takidlash joizki, hozirda O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi markaziy apparati, tizim tashkilotlari va hududiy xo‘jaliklarda faoliyat ko‘rsatayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh xodimlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
