Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bilan qanday hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda?
2025-06-20 17:44:00 / Yangiliklar
Toshkent shahridagi "CAEx Uzbekistan" majmuasida davom etayotgan “Eco Expo Central Asia 2025” ekologik texnologiyalar xalqaro ko‘rgazmasida Xitoyning Shinjon Ekologiya va geografiya instituti ham o‘z texnologiyalari bilan ishtirok etmoqda. Institut mazkur ko‘rgazmada 11 ta Xitoy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy ekologik texnologiyalarni namoyish etmoqda.
Aytish joizki, Shinjon Ekologiya va geografiya instituti hamda O‘rmon va yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda sho‘rlanishga chidamli galofit o‘simlik turlari ekiladigan yer maydonlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Institut bilan birgalikda yurtimizda iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish maqsadida galofit bog‘larni tashkil etish bo‘yicha zamonaviy innovatsion loyiha yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda ushbu loyiha doirasida Arnasoy, Muborak, Qorako‘l, Karmana hamda Nukus tumanlarida galofit bog‘lari uchun yer maydonlari ajratilgan. Hozirda bu hududlarga 1,3 tonna ko‘chat urug‘lari o‘tkazilgan.
Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar mazkur galofit bog‘lari uchun ajratilgan yerlarning unumdorligi belgilash, iqlimga mos ko‘chat turlarini aniqlash hamda ularning o‘suvchanligini oshirish ga xizmat qilmoqda. Shuningdek, sho‘rlangan cho‘l va yarim cho‘l hududlarida galofit o‘simliklar ekish ekologik barqarorlikni ta’minlash, tuproq eroziyasini kamaytirish, sho‘rlanish darajasini pasaytirishga yordam beradi.
“Eco Expo Central Asia 2025” ekologik texnologiyalar xalqaro ko‘rgazmasida O‘rmon va yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi hamda Shinjon Ekologiya va geografiya instituti o‘rtasida kelgusi rejalar haqida fikr almashildi.
