17 iyun - Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni (World day to combat desertification and drought)
2025-06-17 08:27:00 / Yangiliklar
Cho‘llanish - bu inson omillari va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan dunyoning barcha mintaqalarida davom etayotgan yerlarning tanazzulga uchrashi jarayoni.
O‘zbekiston Osiyo mintaqasida birinchilardan bo‘lib BMTning cho‘llanishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasiga a’zo bo‘ldi. Ushbu konvensiya O‘zbekiston parlamenti tomonidan 1995-yil 31-avgustda ratifikatsiya qilingan va 1996-yilda kuchga kirgan.
Yerni tiklash va sog‘lom hayot imkoniyatlarini kengaytirish
Unumdor yer gullab-yashnayotgan iqtisodiyotning asosini tashkil etadi, jahon yalpi ichki mahsulotining yarmidan ko‘pi tabiatga bog‘liq. Vaholanki, biz bu tabiiy kapitalni dahshatli sur’atlarda tugatmoqdamiz: har daqiqada yer degradatsiyasi tufayli to‘rtta futbol maydoniga teng hududning ekvivalenti yo‘qotilmoqda.
Bu biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga olib keladi, qurg‘oqchilik xavfini oshiradi. To‘lqinlarning ta’siri global miqyosda - oziq-ovqat narxlarining oshishidan tortib beqarorlik va migratsiya muammolari paydo bo‘lishiga olib keladi.
Cho‘llanish, yerlarning degradatsiyasi va qurg‘oqchilik hozirgi zamonning eng dolzarb ekologik muammolaridan biri bo‘lib, dunyodagi jami yer maydonining 40 foizi degradatsiyaga uchraganligi tashvishli holat.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2021-2030-yillarga mo‘ljallangan Ekotizimlarni tiklash bo‘yicha o‘n yillik Dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar bugun yer degradatsiyasi to‘lqinini keng ko‘lamli tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni yanada keng ko‘lamda jadallashtirish lozimligini taqozo etmoqda. Agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, 2030-yilgacha 1,5 mlrd gektar yerlar tiklanishiga erishiladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Jumladan, 2018-2024 yillar davomida 1 mln 865 ming gektar maydonda cho‘l o‘simliklarining urug‘i va ko‘chatidan “yashil qoplamalar” barpo etildi. Mazkur himoya o‘rmonzorlarining 1 mln 783 ming gektari cho‘l o‘simliklarining urug‘idan, 82 ming 397 gektari cho‘l o‘simliklarining ko‘chatidan barpo etilgan. Bu tadbirlar uchun qariyb 7 yarim ming tonna saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arildi. Yiliga 100 gektardan kam bo‘lmagan maydonda saksovul niholxonalari tashkil etildi.
O‘rmon va yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2025 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmonida belgilangan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimizda o‘rmonlar hududini kengaytirish, yashillik darajasini oshirish va cho‘llanishning oldini olish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
