Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi
2025-05-29 09:30:00 / Yangiliklar
Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi 1947-yilda tashkil topgan. Xo‘jalikning umumiy yer maydoni 379699,4 gektar bo‘lib, shundan o‘rmon bilan qoplangan maydon 80462,15 gektar, madaniy o‘rmonzor 3704,03 gektar, tutashmagan o‘rmonzor 3677,34 gektar, o‘rmon niholxonalari 55,4 gektar hisoblanadi. Xo‘jalik hududida Chatqol, Pskom, Sijjak, Sargardon, Xumson, Oqbuloq, Chakak, Burchmulla, Qorong‘uto‘qay, Ogayen, To‘rakbau o‘rmon bo‘limi va Ozodbosh, Abdurahmonov, Yusufxona niholxonalari mavjud.
O‘rmon xo‘jaligida Abdukarim Abdujamilov 1979-yildan beri rahbarlik qilib keladi. 80 yoshni qarshilayotgan Abdukarim hoji bobo butun hayotini o‘rmonchilik sohasiga bag‘ishlagan. Uning uzoq yillik rahbarlik faoliyatida 35 ming gektar maydonda yangi o‘rmonlar tashkil etildi. Hozirda xo‘jalikda 800 dan ziyod xodim mehnat qilib kelmoqda. Ularning aksariyati mahalliy aholi vakillari hisoblanadi.
Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi G‘arbiy Tyanshan hududining oltita tog‘ tizmalarini qamrab oladi. Hududda 1800 ga yaqin o‘simlik dunyosi tarqalgan bo‘lib, 80 dan ortig‘i O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”iga kiritilgan. Shuningdek, hayvonot dunyosining 230 xilga yaqin turlari yashaydi, shundan 32 turi O‘zbekiston va Xalqaro “Qizil kitob”lariga kiritilgan.
O‘rmon xo‘jaligi tomonidan har yili 308 gektar maydonda yangi o‘rmonzorlarni barpo etish tadbirlari bajarib kelinmoqda. Ekiladigan ko‘chatlarning asosiy turlari igna bargli: qirim qarag‘ayi, mojjevelnik, sharq tuyasi, manzarali ko‘chatlardan: kashtan, dub, lipa, yasen, klyon, terak, qayrog‘och, yapon saforasi, mevali ko‘chatlardan: grek yang‘og‘i, bodom, namatak, olma, o‘rik, olxo‘ri, olcha va boshqa turdagi ko‘chatlardan iborat.
Xo‘jalikning 9 ta nazorat hududida o‘rmon niholxonalari tashkil qilinib, 55,33 gektar maydonda nihol va ko‘chatlar yetishtirilmoqda. Dorivor va ozuqabop o‘simliklar xomashyosini saqlash uchun maxsus omborxona ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda u yerda har xil turdagi dorivor o‘simliklar saqlanmoqda.
Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi hududidan Chatqol, Koksu, Pskom va Ugom daryolari oqib tushib, Chirchiq daryosi hosil bo‘ladi. Bu daryo Toshkent shahri va viloyatini ichimlik suvi bilan ta’minlaydi.
