O‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashishning dunyo tajribasi qanday?
2025-05-28 15:30:00 / Yangiliklar
Butun dunyoda o‘rmonlar ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bugun ularni muhofaza qilish va qayta barpo etish dolzarb masalalardan biri. Shu maqsadda jahon miqyosida o‘rmon maydonlarini kengaytirish, turli ko‘chat turlarini yetishtirish va yong‘inlarga qarshi kurashish borasida qator choralar ko‘rilmoqda. O‘rmon yong‘inlari Antarktidadan tashqari har bir qit’ada sodir bo‘ladi. Ammo, sayyoradagi o‘rmon yong‘inlari eng ko‘p yuz beradigan hududlar sirasiga Avstraliyaning o‘simliklarga boy hududlari, Janubiy Afrikaning g‘arbiy qismlari, Shimoliy Amerika va Yevropaning quruq mintaqalarida joylashgan o‘rmonlar kiradi. Dunyoda o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashish usullari xilma-xildir. Eng ilg‘or mamlakatlar zamonaviy texnikalardan foydalanayotgan bir vaqtda ayrim davlatlar hanuz ko‘proq ishchi kuchiga tayanmoqda.
Afrika
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha o‘rmon yong‘inlarining 54 foizi Afrikada sodir bo‘ladi. Qit’ada eng ko‘p o‘rmon yong‘inlari Janubiy Afrika davlati hududlarida yuz beradi. Shuningdek, mamlakatning g‘arbiy hududlari nisbatan quruq bo‘lganligi sababli yong‘inlar ko‘p uchraydi. Boshqa tomondan Janubiy Afrika aholisining turmush tarzi bevosita yong‘inlarga bog‘liq. Ular bundan issiqlik manbai va ovqat pishirish uchun foydalanishadi, chunki mamlakatning aksariyat qismida elektr ta’minoti mavjud emas. Shuning uchun Janubiy Afrika hukumati "Olovda ishlash" (WoF) deb nomlangan dasturni ishga tushirgan. Ushbu dastur o‘rmon yong‘inlari muammosini hal qilish va mintaqadagi ishsizlik darajasiga qarshi kurashish uchun ishlab chiqilgan. Hozirda WoF tizimida Janubiy Afrikadagi 5000 nafardan ortiq xodim mehnat qiladi. Dastur Janubiy Afrikadagi o‘rmon yong‘inlari tarqalishini nazorat qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Xitoy
Xitoy o‘rmonlarga boy emas. Mamlakat yer maydonining umumiy 16,5 foizi o‘rmon bilan qoplangan. O‘rmon maydonlari asosan aholi zuch bo‘lmagan, chekka hududlarda joylashgan. Ayni shu jihat o‘rmon yong‘inlari bilan kurashishni qiyinlashtiradi. Shuningdek, baland tog‘lar va chuqur vodiylarda o‘rmon yong‘inlari tez-tez yuz beradi. Xitoyning aksariyat qismida yong‘inlarga qarshi kurashda malakali mutaxassislar, infratuzilma hamda tegishli o‘t o‘chirish uskunalari yetishmaydi. Bu mamlakat aholisining qariyb 46 foizi istiqomat qiladigan qishloq hududlariga to‘g‘ri keladi.
Avstraliya
Avstraliyada mavjud tabiiy o‘simliklarning yonish darajasi juda yuqori. Masalan, 2009-yil fevral oyida mamlakatda sodir bo‘lgan eng dahshatli tabiiy ofatdan qariyb bir million gektarga yaqin maydon yonib ketgan. Avstraliya yong‘inga qarshi kurashish bo‘yicha texnologik jihatdan eng ilg‘or davlat hisoblanadi. Hukumat yaqinda mamlakat bo‘ylab ikkita dron, ikkita mobil qo‘mondonlik markazi va o‘t o‘chirish mashinalaridan iborat 180 dan ortiq mobil ma’lumotlar terminallarini ishga tushirdi. Yangi texnologiya o‘t o‘chiruvchilarning favqulodda vaziyatlarda real vaqt rejimida ma’lumotlarga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Avstraliyalik o‘t o‘chiruvchilar 295 futlik suv oqimini bir vaqtning o‘zida tizginlay oladigan va 1600 fut masofadan boshqariladigan yong‘in o‘chirish robotlaridan foydalanishadi.
Yevropa
Yaqinda xalqaro tadqiqot guruhi o‘rmon yong‘inlaridan zarar ko‘rish ehtimoli yuqori bo‘lgan Yevropa mamlakatlarini aniqladi. Bular orasiga Albaniya, Bolgariya, Kipr, Fransiya, Italiya va Ispaniya davlatlari kiritilgan. Biroq, yong‘inlarga qarshi kurashish Yevropa Ittifoqining har bir mamlakatida ustuvor vazifa sanaladi. Masalan, Germaniyada hatto eng kichik qishloqlarda ham ko‘ngilli yong‘in bo‘limi bo‘lishi shart. Shuning uchun ushbu mamlakatdagi 900 000 nafar o‘t o‘chiruvchilarning qariyb 98 foizi ko‘ngillilardir. Umumiy aholining har 70 nafar nafariga 1 nafar ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchi to‘g‘ri keladi. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Avstriyada yong‘inga qarshi kurashish xizmatida 320 000 nafar ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar faol mehnat qilishadi. Portugaliyada ham 45000 nafar o‘t o‘chiruvchilarning katta qismi ko‘ngillilar hisoblanadi. Ispaniyada esa mamlakatdagi 22000 nafar o‘t o‘chiruvchilarning qariyb 90 foizi davlat xizmatchilari, 1500 nafarga yaqini esa ko‘ngillilar iborat. Fransiyada 7000 dan ziyod o‘t o‘chiruvchilar fransuz armiyasi askarlari, zobitlar va admiral qo‘mondonligidagi dengizchilardir.
Janubiy Amerika
Janubiy Amerikaning 50 foizdan ziyod yer maydoni o‘rmonlar bilan qoplangan. Materikda o‘rmon yong‘inlari asosan qurg‘oqchilik tufayli vujudga keladi. 2000-yilda e’lon qilingan Global Environmental Outlook hisobotida Janubiy Amerika mamlakatlarida yong‘inlarni o‘chirish uchun texnologiya va malakali kadrlarning yetishmasligi qayd etilgan. Chili o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashishda qator zaruriy choralar ishlab chiqayotgan davlatlardan biridir. Hukumat yong‘inlarga qarshi kurashadigan xodimlarni o‘qitish va qayta tayyorlash uchun "Yong‘in ustida ishlash" dasturini ishga tushirgan. Bugungi kunda Chilida 1200 nafarga yaqin o‘t o‘chiruvchilar faoliyat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston
Mamlakatimizda ham yoz va kuz oylarida g‘alla hosili yig‘ib olingandan so‘ng uning qoldiqlarini yoqish, dam oluvchilar tabiat qo‘ynida ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanishi oqibatida o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ladi. Respublikadagi o‘rmon xo‘jaliklari mutaxassislari tomonidan yong‘inlarni birlamchi o‘chirish vositalari tayyor holatga keltirilib, yong‘inlarga qarshi targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
