Toshkentda cho'llanishga qarshi kurashish bo'yicha xalqaro ilmiy-amaliy seminar o'tkazildi
2026-05-23 17:22:00 / Yangiliklar

Bugun tadbir mehmonlari Toshkent shahrida barpo etilayotgan Milliy dendrologiya bog‘ida bo'lishib, bu yerda amalga oshirilayotgan ko'kalamzorlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishishdi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov mehmonlarga bu yerda olib borilayotgan ishlar, hududda yaratilayotgan sug'orish tizimlaridan tortib, ekilayotgan daraxt va buta turlari, ularning parvarishi jarayonlari haqida batafsil ma'lumot berdi.
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan mamlakatning barcha hududlarida xuddi shunday umumiy yer maydoni 100 gektardan kam bo'lmagan Milliy dendrologiya bog‘lari barpo etilishi maqsad qilingan, – dedi E.Muhiddinov. – Bundan ko'zlangan asosiy maqsad respublika hududlarida atmosfera havosi tozaligiga erishish, favqulodda sodir bo'ladigan chang va qum bo'ronlarining oldini olish, ekologik barqarorlikni ta'minlash va aholi uchun sof ekologik sharoitlar muhiti yaratishdan iboratdir. Aminmizki, yaqin yillarda ko'rib guvohi bo'layotganingiz ushbu dendrologiya bog'i ham poytaxt aholisi va mehmonlar sevib dam oladigan chinakam so'lim maskanga aylanadi."
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Darxon ilmiy tajriba stansiyasida ham bo'lishdi. Mehmonlarga bu yerda yetishtirilayotgan noyob turdagi daraxt va buta ko'chatlari, olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar va joriy etilayotgan innovatsion yechimlar haqida to'liq ma'lumot berildi.
Shundan so'ng, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishi universitetida xalqaro ilmiy-amaliy seminarning yakuniy tadbiri bo'lib o'tdi. Unda so'z olganlar ushbu seminar barcha ishtirokchilar uchun sohaga oid bilim va malaka oshirish, o'zaro tajriba almashish, o'rmonlar barpo etish va cho'llanishga qarshi kurashish bo'yicha ilg'or innovatsion yechimlarni yagona nuqtada birlashtirgan platforma vazifasini o'tab berganligini alohida e'tirof etishdi.
Yakunda xalqaro ilmiy-amaliy o'quv seminari ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.






