Yovvoyi o‘simliklarning texnik va dorivor xomashyosini yig‘ish tartibi belgilandi
2026-05-21 14:10:00 / Yangiliklar

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilmagan yovvoyi o‘simliklarning texnik va dorivor xomashyosini, oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlashga o‘simlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish huquqi tasdiqlangan kvotalar doirasida "E-auksion" elektron savdo platformasida o‘tkaziladigan elektron onlayn-auksion savdolari orqali beriladi. Ruxsatnoma bir yil davomida amal qiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan qizilmiya o‘simligi populyatsiyasini qayta tiklash hamda uning muhofazasini ta'minlash choralari ko‘riladi. Qizilmiya o‘simligining davlat o‘rmon xo‘jaliklari hududlaridagi tabiiy areallari, zaxirasi hamda foydalanish mumkin bo‘lgan miqdori aniqlanadi. Qolaversa, qizilmiya genofondini saqlash va uni ko‘paytirish maqsadida tabiiy areallaridagi zaxirasi yetarli bo‘lgan o‘rmon xo‘jaliklari hududlarida kamida 2 gektardan onalik plantatsiyalari tashkil etiladi. Shu bilan birga, qizilmiyaning urug‘lik materiallarini yetishtirish, tayyorlash, ko‘paytirish hamda xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshiriladi.
Nizomga ko‘ra, jismoniy shaxslarga yovvoyi o‘simliklardan texnik, dorivor xomashyo va oziq-ovqat maqsadlarida bepul foydalanishga cheklangan hajmda umumiy tartibda ruxsat beriladi. Yovvoyi o‘simliklar foydalanuvchilari tomonidan bu o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlashga maxsus ruxsatnoma asosida haq evaziga yo‘l qo‘yiladi.
Nizomga asosan, Fanlar akademiyasi yovvoyi o‘simliklar xomashyosi va o‘simliklarni maxsus foydalanish tartibida yig‘ish va tayyorlash zaxirasini aniqlaydi. Bunda yovvoyi o‘simliklar o‘sadigan yerlarning umumiy maydoni 0,1 gektardan, o‘t qoplami 10 foizdan kam bo‘lmasligi lozim.
Bundan tashqari, yovvoyi o‘simliklar obyektlarining foydalanuvchilari o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash ishlari amalga oshirilgan hududlarda ularning o‘sish joylarini saqlab qolish uchun biotexnik hamda qayta tiklash tadbirlarini amalga oshirishi, shu jumladan, foydalanish natijasida buzilgan o‘simlik va tuproq qatlamini rekultivatsiya qilishi, yong‘in va texnika xavfsizligi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishlari shart.
