Cho‘llanishga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi kengaymoqda
2026-05-19 19:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, direktor o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov, Xitoy Ningxua o‘rmon xo‘jaligi va yaylovlar boshqarmasi vakili Chan Yong, Green universiteti rektori Baxtiyor Po‘latov va Agentlik mas’ullari hamda tizim tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminarda nutq so‘zlagan Erkin Muhiddinov Xitoy bilan cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, yer eroziyasining oldini olish hamda suvsizlik va sho‘rlanishga chidamli galofit o‘simliklarini ekish borasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi.
“Uz navbatida bugungi tadbir ikki davlat o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim barqarorligini ta’minlash, “yashil” texnologiyalarni joriy etish, cho‘llanishga qarshi kurash hamda o‘rmon xo‘jaligi sohasida barqaror rivojlanish kabi muhim yo‘nalishlarda xizmat qiladi. Bundan keyin ham xitoylik hamkorlar bilan birgalikdagi bu boradagi ishlarimiz izchil davom ettiriladi”, - dedi E. Muhiddinov
Tadbirda Xitoylik mutaxassislar tomonidan ko‘rgazma taqdimoti o‘tkazildi. Unda Xitoyning cho‘llanishga qarshi kurashish borasidagi ilg‘or tajribasi, sho‘rlangan yerlarni rekultivatsiya qilish hamda yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar va amaliy yechimlar taqdim etiladi.
Chan Yong O‘zbekiston cho‘llanishga qarshi kurashish va ekologik barqarorlik borasida anchagina tashabbuskor ekanligini ta’kidladi.
“Bu, ayniqsa, yashillik darajasini oshirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish borasida yaqqol ko‘rinmoqda, - dedi u. – Cho‘l o‘simliklarini ekish bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning kamayishi va ekologik barqarorlikka putur yetishi kabi muammolarni hal qilishda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston butun dunyo e’tiborini aynan shu jihatga qaratmoqda”.
Ta’kidlash joizki, seminarda Xitoy – Markaziy Osiyo hamkorligi doirasida cho‘llanishga qarshi kurashni mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida rivojlantirish, ekologik barqaror taraqqiyotni ta’minlash va resurslarni tejashga asoslangan “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.









