Samarqandda pista plantatsiyalari tashkil etilmoqda
2026-05-05 17:25:00 / Press-turlar

Tadbirda Respublika O‘rmon agentligi va viloyat Ekologiya boshqarmasi mas’ullari, hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari, olimlar, o‘rmonchilar, mahalla faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi direktorining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ismatulla Do‘stmurodov kirish so‘zi bilan ochib, Nurobod tumanida amalga oshirilayotgan pista plantatsiyalari barpo etish loyihasidan ko‘zlangan maqsad va kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi.
“– Ushbu loyiha natijasida tuman hududida yerlarning degradatsiyaga uchrashining oldi olinadi, ekotizimlar mustahkamlanadi va ekologik barqarorlik ta’minlanadi, – dedi I. Do‘stmurodov. – Asosiysi, hudud aholisining bandligi ta’minlanishiga erishiladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasining tegishli topshirig‘iga asosan, Samarqand viloyatining Nurobod tumani hududida pista yetishtirish loyihasi ishlab chiqish, tuman hududidagi davlat zaxira yerlaridan samarali foydalanish, degradatsiyaga uchrayotgan yerlarda ekotizimlarni mustahkamlash uchun pista plantatsiyalari tashkil etilishi belgilangan.
Tadbirda so‘z olgan Saroyqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori Ahmad Sag‘dullayev ushbu loyihani amalga oshirish jarayonida bajariladigan tadbirlar haqida jurnalistlarga ma’lumot berdi.
“– 2026-yildan boshlab 2036-yil yakuniga qadar Nurobod tumanida jami 50 ming gektar maydonda pista plantatsiyalari barpo etilishi rejalashtirilgan. 2026-yilda ham 5 ming gektar maydonda intensiv pista plantatsiyalari barpo etish, suv ta’minoti infratuzilmasini yaratish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar uchun joriy yilda 21 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi, hududda 40 ta tik quduq va 40 ta membrana o‘rnatilishi maqsad qilingan, – dedi A. Sag‘dullayev. – Ushbu tadbirlarning dastlabki bosqichida 500 nafar mahalliy aholini pudrat shartnomalari asosida ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Ularning har biriga 10 gektardan pista maydonlari biriktirib berilishi belgilangan.
Ta’kidlash joizki, tumanda joriy yilning bahor mavsumida 252 gektar yerga ko‘chatdan, 290 gektarga urug‘dan – jami 542 gektar maydonda pista plantatsiyalari tashkil etildi. Hozirda kuzgi mavsumda pista ekilishi uchun agrotexnik qoidalar asosida yer tayyorlash ishlari davom ettirilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va ulardan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Agrotexnik talablarga ko‘ra, pista daraxtlari 6–7 yilda hosilga kiradi va 12 yildan boshlab yuqori hosildorlikka erishiladi.
Shundan so‘ng, tuman sharoitida pista ekish va parvarish qilish jarayonlari mutaxassislar tomonidan joyida ko‘rsatib berildi. Press-tur davomida jurnalistlarning mavzuga oid savollariga mas’ullar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Aytish o‘rinliki, shu kunlarda Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi “Yashilloyiha” instituti tomonidan yerlarni o‘rganish, tuproq-iqlim tahlili va ekish sxemalari ishlab chiqilmoqda. Loyiha yakunida yerlar degradatsiyasining oldini olish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmini oshirish, aholi bandligini ta’minlash hamda hududning ekologik barqarorligini ta’minlash maqsad qilingan.









