Xivada yangi yashil bog’ barpo etilmoqda
2026-04-30 11:50:00 / Yangiliklar

Ushbu bog’ "Zamin" fondi, Ekologiya va iqlim o’zgarishi milliy qo’mitasi, O’rmon agentligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida barpo etilyapti. Keyingi yillarda bo‘sh turgan qariyb 8 gektar maydonga hududning tabiiy-iqlim sharoitiga mos keladigan 3 ming tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.
Ko’chatlar orasida go‘zal katalpa, oq tut, oddiy qayrag‘och, oq akatsiya, dala zarangi, shumtol, sharq tuyasi hamda boshqa manzarali daraxt turlari mavjud. Shuningdek, hududni yanada ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2 ming tupdan ziyod turli xil manzarali butalar ekilishi rejalashtirilgan.
Loyiha natijasida hududning ekologik holati va atmosfera havosi sifati yaxshilanadi. Shaharda qulay mikroiqlim muhiti yaratiladi. Asosiysi, ushbu yashil hudud tom ma'noda aholi, ayniqsa, yoshlar ko'ngildagidek hordiq oladigan zamonaviy maskanga aylantiriladi.
“Yoshlar eko bog‘i” hududini ko‘kalamzorlashtirishdan asosiy maqsad Xiva shahrining ekologik barqarorligini ta’minlash hamda hududning estetik va landshaft ko‘rinishini yaxshilashdan iborat.





