Butunjahon o‘rmonlar kuni munosabati bilan xalqaro forum o‘tkazildi
2026-03-31 10:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, BMTning o‘rmonlar bo‘yicha forumi raisi Ismail Belen, BMTning O‘rmonlar bo‘yicha forumi kotibiyati direktori Julietta Biao, FAO vakillari, xalqaro ekspertlar, Ekologiya qo‘mitasi va O‘rmon agentligi mas’ullari, tizim tashkilotlari va hududiy o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forumni Aziz Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochib, davlat rahbari tashabbusi bilan ekologik muammolarni bartaraf etish, iqlim o‘zgarishlarining oldini olish, cho‘llanishga qarshi tizimli kurashish, yangi o‘rmonlar barpo etish va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
“Respublikada har daqiqada 9 metr kvadrat yer maydoni degradatsiyaga uchramoqda. Bu kabi tahdidlarga qarshi kurashish maqsadida mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, o‘rmonlarni kengaytirish va saqlab qolish, bioxilma-xillikni saqlash hamda rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan “Chiqindidan xoli hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Eko-madaniyat”, “Bio meros” umummilliy loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘rmon xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda esa yangi yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish lozim. Xususan, bizning mintaqamizda Orol dengizining qurigan tubi va tutash bo‘lgan hududlarda ekologik muammolarning oldini olish va salbiy ta’sirini kamaytirish borasida davomli tadbirlarni olib borish talab etiladi”, – dedi rais.
Aziz Abduhakimov “Green University” hamda yaqinda ochilgan Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit tadqiqotlari markaziga alohida to‘xtaldi. Xususan, markaz cho‘llanishni boshqarish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi birinchi ilmiy habga aylanishi, unda qurg‘oqchil ekotizimlar bo‘yicha raqamli ma’lumotlar bazasi yaratilishi, cho‘llanish va sho‘rlanish sharoitida atrof-muhitdagi o‘zgarishlar prognoz qilinishi, cho‘l hududlari iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha innovatsion strategiyalar ishlab chiqilishini qayd etdi.
Ismail Belen O‘zbekistonda yashil hududlarni kengaytirish va buning uchun ko‘proq investitsiyalar kiritish zarur ekanligiga e’tibor qaratdi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” tashabbusi nihoyatda muhim. Yaqin kelajakda o‘rmonlar maydonini 10 foizdan 15 foizga yetkazish maqsad qilingan. O‘zbekiston bu tashabbusni amalga oshirish uchun katta salohiyatga ega. Orol dengizi hududida ham yashillik darajasini oshirish borasida ko‘p ishlar qilinmoqda, — dedi u. — Tarixga nazar tashlasak, mamlakatingiz Markaziy Osiyoda ko‘plab tashabbuslar borasida peshqadam bo‘lgan. Ishonchim komilki, agar ushbu dasturlar davom ettirilsa, O‘zbekiston “Yashil Markaziy Osiyo” yetakchisiga aylanadi”.
Julietta Biao esa O‘zbekiston ayni damda yashil iqtisodiyot va ekologik barqarorlik borasida anchagina tashabbuskor ekanligini ta’kidladi.
“Bu, ayniqsa, yashillik darajasini oshirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish borasida yaqqol ko‘rinmoqda, — dedi u. — O‘rmonlarni saqlab qolish va ko‘paytirish bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning kamayishi va ekologik barqarorlikka putur yetishi kabi ekologik muammolarni hal qilishda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston butun dunyo e’tiborini aynan shu jihatga qaratmoqda. Biz bu sa’y-harakatlarni qadrlaymiz va mamlakatlarni, jumladan, O‘zbekistonni ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”.
Tadbirda so‘z olgan O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov forum ishtirokchilarini Xalqaro o‘rmonlar kuni bilan samimiy tabrikladi.
“Har yili bahor faslining mart oyida nishonlanadigan ushbu kasb bayramimiz butun dunyo ahlini tabiatni himoya qilish, o‘rmonlar hududini kengaytirishga da’vat etadi. Haqiqatan ham bugun dunyoda cho‘llanish darajasi ortib, suv tanqisligi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi ko‘payib borayotgan bir paytda ushbu sananing ahamiyati nechog‘lik yuqori ekanligi yanada oydinlashadi, – dedi u. – Keyingi yillarda bu kabi global muammolarni tizimli hal etish maqsadida davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan “ilm-loyiha-amaliyot” zanjiri asosida urug‘chilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish, o‘rmonlar barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 18 ta o‘rmon xo‘jaligi zamonaviy yechimlar asosida ko‘chatchilikka ixtisoslashtirildi. 4 ta yangi o‘rmon xo‘jaligi tashkil etildi. O‘rmon xo‘jaliklariga 300 dan ortiq yangi maxsus texnikalar olib kelindi. Xitoylik hamkorlar bilan sho‘rga chidamli galofit o‘simliklari bog‘lari tashkil etildi.”
Tadbir davomida “Yashil investitsiyalar: Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik”, “O‘rmon sohasini tartibga solishning huquqiy asoslari”, “Markaziy Osiyoda transchegaraviy hamkorlik va barqaror o‘rmonlardan foydalanish” hamda boshqa mavzularga e’tibor qaratildi. Shuningdek, samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh soha vakillari “O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi fidoyisi” va “Rossiya o‘rmonlarni muhofaza qilish markazining 85 yilligi” yubiley medallari bilan taqdirlandi.
Yakunda Toshkent viloyatida barpo etilayotgan “Dendrologiya bog‘i”da daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.









